“Xiva xonligining diplomatiyasi va savdo aloqalari” nomli monografiya nashr etildi

OʼzR FА Tarix instituti Tarixshunoslik va manbashunoslik markazi boshligʼi, t.f.d. Nigora Аllayeva muallifligida Xiva xonligining XVI asr – XIX asrning 70-yillarida qoʼshni Buxoro, Qoʼqon va Qozoq xonliklari hamda Eron davlati bilan diplomatik munosabatlarini tadqiq qilishga bagʼishlangan “Xiva xonligi diplomatiyasi va savdo aloqalari (XVI - XIX asrlar)” nomli monografiya nashr etildi.

Monografiyada XVI boshlarida mintaqada yuzaga kelgan siyosiy vaziyat va xalqaro maydondagi kuchlar nisbati singari tashqi omillarning Xorazmdagi ichki ijtimoiy-siyosiy holatga taʼsiri tahlil etilgan. Xususan, Xiva xonligining tashkil topish jarayonida Xorazmning Movarounnahr, Dashti Qipchoq va Eron bilan anʼanaviy aloqalari koʼrib chiqilgan. Unda Xiva xonligining soʼnggi oʼrta asrlarda Buxoro va Qoʼqon xonliklari, Qozoq juzlari hamda Eron davlati bilan oʼzaro aloqalari tarixini kompleks tadqiq etish hamda “global tarix” kontekstida yoritish orqali fanda mavjud boʼlib kelgan Xiva xonligiga “tashqi dunyodan uzilib qolgan, izolyatsiya holatidagi qoloq davlat” sifatida qarashni inkor etuvchi xulosalar chiqarilgan. Ishda fors va turkiy tillardagi tarixiy asarlar hamda Eron, Rossiya, Oʼzbekiston arxiv fondlaridagi koʼplab fors, turkiy va rus tillaridagi rasmiy hujjatlar, jumladan, Eron hukmdorlari Аbbos I, shoh Safi va Muhammadshoh tomonidan Xiva xonlari Аrab Muhammadxon, Isfandiyorxon, Аbulgʼozixon va Olloqulixonga, shuningdek, Qoʼqon hukmdori Sulton Sayyidxonning Xiva xoni Sayyid Muhammadxonga hamda Buxoro shahzodasi Аbdumalik Katta toʼraning Muhammad Rahimxon II ga yozgan maktublari asosida Xorazmning geostrategik ahamiyati, qoʼshni hududlar va turli chet davlatlar bilan oʼzaro savdo-diplomatik aloqalari singari bahsli va kam oʼrganilgan masalalari tahlil etilgan.

Monografiyada turli davlatlar va jamiyatlar oʼrtasidagi oʼzaro kelishuvni taʼminlash maqsadida ishlab chiqilgan muloqotning maxsus qoidalari, jumladan, diplomatik marosim (tseremonial), protokol va etiket tushunchalariga izoh berilib, Xiva xonligida amal qilgan “qabul marosimi”ning umumiy va xususiy jihatlari tahlil etilgan. Shuningdek, Xiva xonlari saroyida xorijiy elchilarni qabul qilish marosimi, uning asosiy tartib-qoidalari hamda diplomatik etiketning muhim jihatlari yoritib berilgan. Unda diplomatik aloqalarning asosiy mexanizmi hisoblangan “elchilik xizmati”, uning rivojlanish bosqichlari va muhim detallari haqida atroflicha maʼlumot berilgan. Xiva hukmdorlarining Buxoro, Qoʼqon va Qozoq xonlari hamda Eron shohlari bilan oʼzaro almashinilgan diplomatik yozishmalarni turi va xarakteriga koʼra tasniflashga ham eʼtibor qaratilgan. Ishda, mahalliy “Solnomalar”da umumiy nom bilan “maktub, noma, maktubot” yoki “kotibat” deb yuritilgan xatlarning vaziyatga qarab “inoyatnoma”, “istimolatnoma”, “maʼziratnoma”, “muvolifatnoma”, “murosila”, “muhabbatnoma”, “sulhnoma”, “tahniyatnoma”, “fathnoma” singari turlari boʼlganligi koʼrsatib berilgan. Xiva xonlari saroyida xorijiy elchilarni qabul qilish marosimini tasvirlash hamda Muhammad Rahimxon I, Olloqulixon va Muhammad Rahimxon II singari hukmdorlarning shaxsiy jihatlarini yoritish orqali ularning kuchli yetakchilik qobiliyatlari ochib berilgan.

Qoʼshni davlatlar tarixiga bagʼishlangan tarixiy asarlar va turli rasmiy hujjatlarni tahlilga tortish orqali Xiva xonligining eng kam oʼrganilgan qismi, yaʼni, Аrabshohiylar sulolasining hukmronlik davri (1511-1700) tarixi bir qator yangi materiallar, xususan, Аrab Muhammadxon, Isfandiyorxon, Аbulgʼozixon va Аnushaxonlarning davlat boshqaruvi hamda tashqi aloqalariga doir mahalliy manbalarda uchramaydigan noyob maʼlumotlar asosida ochib berilgan.