O‘zR FA Genomika va bioinformatika markazi olimlari tomonidan yaratilgan paxta genlarini nokaut qilish (o‘chirish) innovatsion texnologiyasi uchun Xitoy Xalq Respublikasi patenti olindi.
Bilamizki, Xitoy paxta ishlab chiqarish va undan foydalanish bo‘yicha jahonda yetakchi davlatlardan biri hisoblanadi. Shuningdek, Xitoy paxtaning yuqori sifatli va hasharotlarga chidamli hamda yangi patogen navlarini yaratishda zamonaviy biotexnologik usullardan keng foydalanmoqda. Shuni ta’kidlash joizki, olimlarimizning ushbu texnologiyasi uchun Xitoyda patent olinishi tijoratlashtirish uchun katta imkoniyatlarni ochadi.
Mazkur texnologiya dunyoda ilk bora paxtaning bir vaqtning o‘zida bir nechta qimmatli xususiyatlarini takomillashtirish imkonini berdi. Aynan muayyan navning bir nechta xususiyatlarini bir paytning o‘zida o‘zgartirish paxta selektsiyasida asosiy muammo hisoblanadi. Natijada yangi navlarning o‘rtacha hosildorligi gektariga 40 tsentnerga etdi, 4.2 mikroneyrli, -37.9 (Str) pishiqlikdagi va tola uzunligiga 38-40 mm bo‘lgan yuqori sifatli tola olish imkonini berdi.
Eslatib o’tamiz, FA Genomika va bioinformatika markazi olimlari ishlab chiqqan paxta genini nokaut qilish texnologiyasi uchun O‘zbekiston, AQSh, Misr va Rossiya hamda xalqaro RCT patentini olingan.
Paxta genlarining nokaut texnologiyasi oltinchi avlod innovatsion texnologiyasi hisoblanadi. U 2008-yilda o‘zbek olimlari tomonidan ixtiro qilingan bo‘lib, O‘zbekiston hukumati ko‘magida olib borilgan keyingi tadqiqotlar “Porloq“ g‘o‘za turkumidagi yuqori hosilli, barvaqt pishuvchi, uzun tolali, qurg‘oqchilikka va tuzga chidamli biotexnologik navlarning yaratilishiga olib keldi.