Ustav

O‘zbekiston Respublikasi

Vazirlar Mahkamasining

2017 yil 31 maydagi

331-son qarori bilan

tasdiqlangan

 

 

O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining

USTAVI

 

1-bob. Umumiy qoidalar

1. O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi (keyingi o‘rinlarda Fanlar akademiyasi deb ataladi) mamlakatning fan, texnika, madaniyat va ma’rifat sohasida fundamental, amaliy va innovatsion ilmiy tadqiqotlarni (keyingi o‘rinlarda ilmiy tadqiqotlar deb ataladi) amalga oshiruvchi yetakchi davlat ilmiy muassasasi hisoblanadi.

2. Fanlar akademiyasi o‘z tizimida amalga oshirilayotgan ilmiy tadqiqotlarni samarali boshqarishni va muvofiqlashtirishni hamda davlatning intellektual, ijtimoiy-iqtisodiy va ma’naviy-ma’rifiy salohiyatini oshirishga xizmat qiladigan fan yutuqlari va ilmiy hajmdor texnologiyalarning joriy etish uchun taqdim etilishini ta’minlaydi.

3. Fanlar akademiyasi o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlariga, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari qarorlariga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga hamda ushbu Ustavga amal qiladi.

4. Fanlar akademiyasi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga hisobot beradi.

5. Fanlar akademiyasining Ustavi Fanlar akademiyasi Umumiy yig‘ilishi tavsiyasi bilan uning Prezidiumi tomonidan qabul qilinadi va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.

Fanlar akademiyasi Ustaviga o‘zgartirish va qo‘shimchalar Fanlar akademiyasi Prezidiumi qarori bilan kiritiladi va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.

6. Fanlar akademiyasining faoliyati O‘zbekiston Respublikasi davlat budjeti va belgilangan tartibda jalb etilgan budjetdan tashqari mablag‘lar asosida moliyalashtiriladi.

7. Fanlar akademiyasi, uning mintaqaviy bo‘limlari, ilmiy-tadqiqot muassasalari va unga bo‘ysunuvchi boshqa tashkilotlar yuridik shaxs hisoblanadi, o‘zining mustaqil balansiga, O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri tushirilgan hamda tashkilot nomi yozilgan dumaloq muhrga, boshqa zarur muhr va shtamplarga, bank hisob raqamlariga, jumladan valyuta hisob raqamiga ega bo‘ladi.

8. Fanlar akademiyasining manzili (pochta manzili):

O‘zbekiston Respublikasi, 100047, Toshkent shahri, akademik Yahyo G‘ulomov ko‘chasi, 70-uy.

9. Fanlari akademiyasining rasmiy nomlanishi:

davlat tilida - “O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi”;

rus tilida - “Akademiya nauk Respubliki O‘zbekistan”;

ingliz tilida - “Uzbekistan Academy of Sciences”.

2-bob. Fanlar akademiyasining asosiy vazifalari va funksiyalari

10. Kuyidagilar Fanlar akademiyasining asosiy vazifalari hisoblanadi:

tabiiy, texnikaviy va ijtimoiy-gumanitar fanlar sohalarida ilmiy tadqiqotlar olib borish;

fanning ta’lim va ishlab chiqarish bilan integratsiyasi mexanizmlarini mustahkamlash va rivojlantirish;

iqtisodiyot tarmoqlari va respublika mintaqalari ehtiyojlarini hisobga olgan holda fan va texnologiya rivojlanishining ustuvor yo‘nalishlari, davlat ilmiy-texnikaviy dasturlarini shakllantirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish;

jahon va mamlakatimiz fani yutuqlarini o‘rganish va tahlil qilish, ulardan O‘zbekiston Respublikasi manfaatlari yo‘lida foydalanish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqish;

mamlakatimiz fani, ilmiy salohiyati, fan-texnika sohasida erishilgan yutuqlarni targ‘ib va tashviq qilish;

Fanlar akademiyalari, chet davlatlarning ilmiy-tadqiqot tashkilotlari va fondlari bilan xalqaro hamkorlikni amalga oshirish, xalqaro ilmiy forum va anjumanlarni tashkil etish va o‘tkazishda qatnashish;

Fanlar akademiyasi tashkilotlarining ilmiy salohiyati va moddiy-texnika bazasidan foydalanib yuqori malakali kadrlarni tayyorlashda ishtirok etish.

11. Fanlar akademiyasi o‘ziga yuklangan masalalarni hal etish uchun quyidagi funksiyalarni amalga oshiradi:

a) ilmiy tadqiqotlar olib borish sohasida:

fan, texnika va innovatsion rivojlanish sohasida davlat va boshqa turdagi dastur va loyihalarni amalga oshirishni ta’minlaydi;

davlat va jamiyatni ijtimoiy-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy, madaniy-ma’rifiy va ma’naviy-axloqiy rivojlantirishga yo‘naltirilgan tabiiy, texnikaviy, tibbiy, qishloq ho‘jaligi, ijtimoiy-gumanitar fanlar sohasida ilmiy tadqiqotlar olib boradi;

tabiat, jamiyat va insoniyat, sun’iy yaratilgan ob’ektlar taraqqiyoti, millatlar, milliy madaniyatlar, davlat va milliy munosabatlarning rivojlanish muammolari va jarayonlari, ta’lim va ma’rifat masalalarini tadqiq etadi, amalga oshirilgan ilmiy tadqiqot natijalari asosida ushbu yo‘nalishlarga oid masalalarning yechimi bo‘yicha takliflar ishlab chiqadi;

yangi texnika, zamonaviy texnologiyalar va ulardan amaliyotda foydalanish tamoyillarini ishlab chiqadi;

olimlar va ilmiy tadqiqot olib borayotgan jamoalarning ilmiy asarlarini tezkorlik bilan e’lon qilish maqsadida noshirlik faoliyatini amalga oshiradi, Fanlar akademiyasining davriy nashrlarini tayyorlash va chop etish ishlarini ta’minlaydi, Fanlar akademiyasining davriy nashrlari tahririyati tarkibiga xorijiy olimlarni jalb etadi va ularning faoliyatini tashkillashtiradi;

ilmiy tadqiqotlarni tashkil etish va amalga oshirish hamda Fanlar akademiyasiga bo‘ysunadigan ilmiy-tadqiqot muassasalari, shuningdek o‘z tasarrufidagi muassasalarda faoliyat yuritayotgan ilmiy xodimlar va mutaxassislarning samarali faoliyatini ta’minlaydi;

belgilangan tartibda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga Fanlar akademiyasi tarkibiga kiruvchi ilmiy-tadqiqot muassasalari, ularning filiallari va boshqa tashkilotlarni tashkil etish, qayta tashkil qilish va tugatish bo‘yicha takliflar kiritadi;

ilmiy-texnikaviy muammolar va o‘tkazilgan ilmiy tadqiqotlar natijalari bo‘yicha tanlovlar tashkil qiladi;

b) fanning ta’lim va ishlab chiqarish bilan integratsiyasi mexanizmlarini mustahkamlash va rivojlantirish bo‘yicha:

fan, ta’lim, ishlab chiqarish integratsiyasi jarayonlari va tarmoq ilmiy-tadqiqot muassasalari va ishlab chiqarish tashkilotlari, oliy va o‘rta maxsus, kasb- xunar ta’limi muassasalari, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, joylardagi davlat hokimiyati organlari, ilmiy va ilmiy-texnik jamiyatlar, ijodiy birlashmalar va boshqa tashkilotlar bilan o‘zaro manfaatli ilmiy hamkorlikni rivojlantiradi va takomillashtiradi;

Fanlar akademiyasining ilmiy-tadqiqot muassasalari hamda tarmoq ilmiy-tadqiqot muassasalarini yosh iqtidorli kadrlar bilan to‘ldirish va yoshiga ko‘ra faoliyatini to‘xtatayotgan ilmiy xodimlarning tabiiy almashinuvini ta’minlash uchun yosh mutuxassislarni tayyorlash maqsadida Fanlar akademiyasi ilmiy-tadqiqot muassasalari va tarmoq ilmiy-tadqiqot muassasalari o‘rtasida yaqindan aloqa va hamkorlikning yo‘lga qo‘yilishini ta’minlaydi;

Fanlar akademiyasi ilmiy-tadqiqot muassasalarining ilmiy-o‘quv markazlari va oliy ta’lim muassasalari bilan qo‘shma kafedralari bazasida sohaviy mutaxassisliklar bo‘yicha magistr va bakalavrlarning chuqurlashtirilgan ilmiy tayyorgarligini tashkil etadi;

Fanlar akademiyasining ilmiy-tadqiqot muassasalari va oliy ta’lim muassasalarining sohaviy fakultetlari bazasida oliy ta’lim muassasalari va ilmiy-tadqiqot muassasalari xodimlari hamkorlikda fundamental va amaliy tadqiqotlar olib boradigan idoralararo ilmiy-tadqiqot laboratoriyalarini tashkil etadi;

Fanlar akademiyasining akademiklari va yetakchi olimlari tomonidan sohaviy oliy o‘quv yurtlarida ma’ruza mashg‘ulotlari o‘tkazilishini, fan doktori ilmiy darajasi va PhD talabgorlariga hamda magistrlarning ilmiy ishlariga rahbarlikning amalga oshirilishini ta’minlaydi;

shakllantirilayotgan innovatsion va (yoki) ilmiy-texnologik tuzilmalar (texnoparklar, innovatsion markazlar va boshqalar) faoliyatining ilmiy-uslubiy ta’minotida ishtirok etadi;

intellektual mulk ob’ektlaridan va ilmiy ishlanmalar natijalaridan foydalanish va ularning tijoratlashuvi samarali mexanizmlarini ishlab chiqishda ko‘maklashadi;

fanning moddiy bazasi va ijtimoiy ta’minotini rivojlantirishga, fan, ta’lim va ishlab chiqarish o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlashga, integratsiya mexanizmlarini takomillashtirishga, fanning innovatsion salohiyatini samarali ishga solishga doir takliflarni O‘zbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritishda tashabbus ko‘rsatadi va ularni ishlab chiqishda bevosita ishtirok etadi;

davlat tomonidan ilmiy-tadqiqot va ta’lim muassasalari, shuningdek olingan natijalar va innovatsion ishlanmalarni joriy qiladigan va ulardan foydalanadigan tashkilotlarga beriladigan preferensiya va imtiyozlardan foydalanish mexanizmlarini takomillashtirish va ularning samaradorligini oshirish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqishda ishtirok etadi;

v) respublika iqtisodiyoti tarmoqlari va mintaqalarining ehtiyojlarini hisobga olgan holda fan va texnologiyalarni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini, davlat ilmiy-texnikaviy dasturlarini shakllantirish bo‘yicha quyidagi yo‘nalishlarda takliflar ishlab chiqish sohasida:

istiqbolli ilmiy tadqiqotlarning davlat va boshqa ilmiy-texnikaviy dasturlarni;

mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish davlat dasturlarini (ilmiy-uslubiy ekspertiza va dasturlarni amalga oshirishning maqsadga muvofiqligini asoslash);

jamiyat va davlat taraqqiyotini ta’minlovchi ilmiy tadqiqotlar va ilg‘or texnologiyalarning ustuvor va istiqbolli yo‘nalishlarini rivojalantirish strategiyasini;

ilmiy-tadqiqot muassasalarining ilmiy tadqiqotlari va ilmiy-innovatsion faoliyatini budjetdan va belgilangan tartibda jalb etilgan budjetdan tashqari manbalardan moliyalashtirilishining samarali mexanizmlarini ishlab chiqishda ishtirok etadi;

g) dunyo va vatanimiz fani yutuqlarini o‘rganish va tahlil qilish, ulardan Uzbekiston Respublikasi manfaatlari yo‘lida foydalanishga doir tavsiyalar ishlab chiqish sohasida:

dunyo fani va texnikasi yutuqlarini umumlashtiradi va foydalanishga tavsiya etadi, ilmiy-tadqiqot muassasalari faoliyatiga xorijiy va ichki investitsiyalarning jalb etilishini va ulardan oqilona foydalanilishini ta’minlaydi;

iqtisodiyotning imliy hajmdor tarmoqlarini rivojlantirish va Fanlar akademiyasi tasarrufidagi ilmiy muassasalar bazasida ilmiy hajmdor ishlab chiqarishni tashkil etishga ko‘maklashadi;

Fanlar akademiyasida yaratilgan “nou-xau” va boshqa intellektual mulk ob’ektlarining o‘z vaqtida patentlanishida, shu jumladan, xalqaro patentlar olishida ko‘maklashadi, himoya qiladi va ulardan o‘z faoliyatida qonunchilikka mos ravishda foydalanadi;

d) mamlakatimiz ilm-fani yutuqlari, ilmiy bilimlar, fan va texnikani ommalashtirish va targ‘ib etish sohasida:

mamlakatimizdagi va chet ellik olimlarning yangi ilmiy yutuqlari, shuningdek, o‘tmishda yashab o‘tgan mutafakkirlar va olimlarning boy ilmiy merosini ommalashtirish orqali ilmiy bilimlarni tarqatadi;

fan va ta’limning jamiyat hayotidagi nufuzi va ahamiyatini oshirish, ilmiy xodimlarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish va ularning huquqlarini ta’minlashga doir tadbirlarni amalga oshiradi;

Fanlar akademiyasining taniqli olimlar sharafiga va ularning nomi bilan ataluvchi mukofotlarini ta’sis etish bo‘yicha belgilangan tartibda takliflarni kiritadi va bu mukofotlarni yuksak ilmiy va ilmiy-texnik yutuqlarga erishgan olimlar hamda ijodiy jamoalarga beradi;

ilmiy-tadqiqotlarning eng muhim yo‘nalishlari bo‘yicha ilmiy kengashlar, jamiyatlar va boshqa birlashmalarni tashkil etadi, ularning samarali ishlashini ta’minlaydi hamda ilm-fanni rivojlantirishda ularning imkoniyatlaridan keng foydalanadi;

ye) xorijiy mamlakatlarning Fanlar akademiyalari, ilmiy-tadqiqot tashkilotlari va fondlari bilan xalqaro hamkorlikni amalga oshirish, ilmiy kadrlar tayyorlash, xalqaro, respublika ilmiy forumlari va konferensiyalarini tashkil etish va o‘tkazishda ishtirok etish sohasida:

xorijiy mamalakatlar Fanlar akademiyalarining ilmiy-tadqiqot va ta’lim muassasalari bilan, jumladan qo‘shimcha ilmiy loyihalarni bajarish orqali xalqaro ilmiy-texnik hamkorlikning samarali shakllari va yo‘nalishlarini rivojlantiradi;

doktorantura dasturlari doirasida ilmiy kadrlarning, shu jumladan, Fanlar akademiyasi ilmiy-tadqiqot muassasalaridagi yosh olimlarning xorijdagi yetakchi ilmiy va ta’lim muassasalarida o‘qishini, stajirovkasini, malakasini oshirishni tashkil etadi;

o‘zaro tajriba almashish, ish usullari va yangi ilmiy-tadqiqotlarni yo‘lga qo‘yish hamda yosh ilmiy kadrlarni tayyorlash uchun yetakchi xorijiy olimlarning jalb etilishini ta’minlaydi;

xorijiy ilmiy-tadqiqot va oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikdagi ilmiy tadqiqotlarni bajarish uchun xorijiy tashkilotlar va jamg‘armalarning xalqaro ilmiy grantlarini talab etilishini ta’minlaydi;

dolzarb ilmiy-texnik muammolar hamda buyuk mutaffakirlar, mashhur fan va adabiyot arboblari sharafiga bag‘ishlangan xalqaro ilmiy, ilmiy-texnik kongresslar, konferensiyalar, simpoziumlar, seminarlarni tashkil etish va o‘tkazishda, shuningdek, xalqaro ilmiy jurnallarning tahrir hay’atlari ishlarida ishtirok etadi;

j) Fanlar akademiyasi muassasalarining ilmiy salohiyati va moddiy-texnika bazasidan foydalangan holda yuqori malakali kadrlar tayyorlashda ishtirok etish sohasida:

yuqori malakali ilmiy kadrlar tayyorlashga doir ishlarni olib boradi, olimlarning ijodiy faoliyati uchun zarur shart-sharoitlarni ta’minlaydi;

Fanlar akademiyasining ilmiy va moddiy-texnika bazasidan foydalangan holda ilmiy-tadqiqotlarni tashkil etish va o‘tkazishga fan tarmoqlari bo‘yicha yuqori malakali ilmiy kadrlar tayyorlashda tarmoq ilmiy-tadqiqot va oliy ta’lim muassasalariga ko‘maklashadi;

oliy ta’lim muassasalarining professor-o‘qituvchilar tarkibi malakasini oshirishni tashkil etishda ishtirok etadi.

3-bob. Fanlar akademiyasi, uning mintaqaviy bo‘limlari, ilmiy-tadqiqot muassasalari hamda tasarrufidagi boshqa tashkilotlarning huquq va mas’uliyati

12. Fanlar akademiyasi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga o‘z vazifalarini amalga oshirish jarayonidagi dolzarb va ustuvor muammolarni hal etish uchun qonunchilikni takomillashtirish bo‘yicha belgilangan tartibda takliflar kiritish huquqiga eta.

13. Fanlar akademiyasi, uning mintaqaviy bo‘limlari, ilmiy-tadqiqot muassasalari hamda tasarrufidagi boshqa tashkilotlar o‘z ustavlariga muvofiq aksiyadorlik jamiyatlarining ta’sischilari va ishtirokchilari sifatida ishtirok etish, shuningdek, budjetdan tashqari mablag‘lar va manbalar hisobidan qonunchilikka zid kelmaydigan tarzda turlicha faoliyatlarni amalga oshirish huquqiga egadirlar.

14. Fanlar akademiyasi, uning mintaqaviy bo‘limlari, ilmiy-tadqiqot muassasalari hamda tasarrufidagi boshqa tashkilotlar mol-mulklari, ular tomonidan yaratilgan intellektual mulk ob’ektlari (ilmiy-tadqiqot ishlari natijalari, “nou-xau” lar, eksperimental-konstruktorlik ishlanmalari, ixtirolar, sanoat namunalari, seleksiya, urug‘chilik yutuqlari va boshqalarga) belgilangan tartibda egalik qilish, ularni tasarruf etish va ulardan foydalanish huquqini amalga oshiradilar.

15. Fanlar akademiyasining alohida vakolatlariga quyidagilar kiradi:

olimlar, adabiyot, madaniyat va san’at arboblarining qo‘lyozmalari va arxivlari, shuningdek, Fanlar akademiyasining ilmiy-tadqiqot muassasalari va tasarrufidagi boshqa tashkilotlarning fan tarixi uchun qimmatli bo‘lgan arxiv va boshqa materiallarini ushbu ob’ektlarning intellektual mulk huquqlarini mualliflik huquqlarini himoya qilish bo‘yicha qonunchilik talablariga rioya qilgan holda saqlash;

O‘zbekiston Respublikasi hamda xorijiy mamlakatlar ilmiy-tadqiqot muassasalari va oliy o‘quv muassasalari, kutubxonalar, muzeylar bilan bosma nashrlarni almashish.

16. Fanlar akademiyasi, uning mintaqaviy bo‘limlari, ilmiy-tadqiqot muassasalari hamda tasarrufidagi boshqa tashkilotlar o‘z zimmasiga yuklangan maqsad va vazifalarning samarali bajarilishi uchun mas’ul hisoblanadilar.

4-bob. Fanlar akademiyasi tarkibi

17. Fanlar akademiyasi faoliyati ilmiy-tarmoq va mintaqaviy tamoyillar bo‘yicha tashkil etiladi.

18. Fanlar akademiyasi akademiklar va Fanlar akademiyasining xorijiy a’zolari, shuningdek o‘z muassasalarida xizmat qiluvchi ilmiy xodimlar va muassasalarni birlashtiradi.

19. Fanlar akademiyasi tarkibiga quyidagilar kiradi:

boshqaruv apparata;

mintaqaviy bo‘limlar;

ilmiy-tadqiqot muassasalari;

“Akademta’minot” DUK;

Fanlar akademiyasi tuzilmasiga kiruvchi boshqa tashkilotlar.

20. Fanlar akademiyasining tarkibiy tuzilmasi va uning boshqaruv apparati tarkibi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tasdiqlanadi.

Zarurat bo‘lganda Fanlar akademiyasi prezidenti xodimlarning tasdiqlangan cheklangan umumiy soni doirasida Fanlar akademiyasi boshqaruv apparati tarkibiga o‘zgartirishlar kiritishi mumkin.

21. Fanlar akademiyasi prezidenta Fanlar akademiyasining ilmiy-tashkiliy faoliyatiga rahbarlik qiladi.

Fanlar akademiyasi Prezidiumi Fanlar akademiyasi faoliyatini tezkor boshqarishning kollegial organi hisoblanadi. Fanlar akademiyasi Prezidiumi tarkibiga kuyidagilar kiradi: Fanlar akademiyasi prezidenti, vitse-prezidentlar, bosh ilmiy kotib, mintaqaviy bo‘limlar raislari, fan sohalari bo‘yicha bo‘limlar rahbarlari - Fanlar akademiyasi ilmiy kotiblari.

22. Fanlar akademiyasi prezidenti huzurida ilmiy-tadqiqot muassasalari direktorlari kengashi va Fanlar akademiyasi haqiqiy a’zolari - Fanlar akademiyasi bo‘limlari vakillari Kengashidan (keyingi o‘rinlarda Kengash deb ataladi) tarkib topgan jamoatchilik asosidagi Fanlar akademiyasi muassasalari faoliyatini muvofiqlashtiruvchi Kengash faoliyat ko‘rsatadi.

Kengash faoliyati tartibi mazkur Ustavda hamda Fanlar akademiyasi Prezidiumi tomonidan tasdiqlanadigan ilmiy-tadqiqot muassasalari direktorlari va Fanlar akademiyasi haqiqiy a’zolari - Fanlar akademiyasi fanlar bo‘limlari vakillari Kengashi to‘g‘risidagi Nizomda belgilanadi.

Kengash raisi Kengash a’zolari tomonidan ochiq ovoz berish yo‘li bilan bir yil muddatga saylanadi.

23. Fanlar akademiyasida jamoatchilik asosida fanlar sohalari bo‘yicha Muammoli akademik ilmiy Kengash va idoralararo ilmiy-texnikaviy kengashlar (keyingi o‘rinlarda ilmiy kengashlar deb ataladi) shakllantiriladi.

Ilmiy kengashlar maslahat organlari bo‘lib, mamlakatimizda olib borilishi lozim bo‘lgan va jamiyatimizning taraqqiyotiga doir ilmiy tadqiqotlarning ustuvor yo‘nalishlarini aniqlashga, ushbu yo‘nalishlar bo‘yicha bajarilayotgan ilmiy ishlarning ahamiyati va samaradorligini jahon fanining yuksak talablari darajasida baholashga hamda yetakchi maslahat-ekspert ilmiy jamoa sifatida faoliyat ko‘rsatadi, mamlakatimiz ilm-fanining nufuzini jahon miqyosida oshirishga bevosita xizmat qiladi.

Ilmiy Kengashlar tarkibiga Fanlar akademiyasining haqiqiy a’zolari, ilmiy-tadqiqot muassasalari (jumladan, tarmoq ilmiy-tadqiqot muassasalari) va oliy ta’lim muassasalari vakillari hamda yuqori malaka va tajribaga ega bo‘lgan amaliyotchi-mutaxassislar kiradi.

Ilmiy kengashlar ushbu Ustav va Fanlar akademiyasi Prezidiumi tasdiqlagan Nizom asosida ish olib boradi.

24. Fanlar akademiyasida Eng yangi tarix bo‘yicha Jamoat kengashi faoliyat yuritadi, Fanlar akademiyasi huzuridagi O‘zbekistonning eng yangi tarixi masalalari bo‘yicha Muvofiqlashtiruvchi metodik markaz uning ishchi organi hisoblanadi. Ular belgilangan tartibda tasdiqlangan o‘z nizomlari asosida ish yuritadi.

25. Zarurat bo‘lganda, Fanlar akademiyasi bosh ilmiy kotibi va vitse-prezidentlari huzurida Fanlar akademiyasining ekspertlari va yuqori malakali mutaxassislaridan iborat komissiya tuziladi.

26. Fanlar akademiyasining mintaqaviy bo‘limlari O‘zbekiston Respublikasi hududlarida fan va ilmiy-texniqaviy salohiyatni rivojlantirish maqsadida tuziladi.

27. Fanlar akademiyasi mintaqaviy bo‘limlari o‘z faoliyatida bevosita Fanlar akademiyasi prezidentiga bo‘ysunadi.

Mintaqaviy bo‘limlar tasarrufidagi, shu jumladan ilmiy-tadqiqot muassasalariga rahbarlik lavozim vakolatlari Fanlar akademiyasi prezidenti tomonidan tasdiqlanadigan bo‘lim raisi, uning o‘rinbosari va bosh ilmiy kotib tomonidan amalga oshiriladi.

Mintaqaviy bo‘lim raislari Fanlar akademiyasi Prezidiumi qarorlari va Umumiy yigilish tavsiyalari, shuningdek, Fanlar akademiyasi prezidenti buyruqlari ijrosini ta’minlaydi.

Fanlar akademiyasining Qoraqalpogiston bo‘limi raisi, Xorazm Ma’mun akademiyasi raisi va Fanlar akademiyasining Navoiy bo‘limi raisi maqomiga ko‘ra Fanlar akademiyasi vitse-prezidentiga tenglashtiriladi.

28. Mintaqaviy bo‘lim rahbari o‘rinbosari va bosh ilmiy kotibi Fanlar akademiyasi prezidenti tomonidan mintaqaviy bo‘lim raisi tavsiyasi asosida besh yil muddatga tasdiqlanadi.

29. Mintaqaviy bo‘limlar o‘z faoliyatlarini mazkur Ustavga hamda Fanlar akademiyasi Prezidiumi tomonidan tasdiqlangan mintaqaviy bo‘lim ustavlariga muvofiq amalga oshiradi.

30. Fanlar akademiyasining ilmiy-tadqiqot va ilmiy-ishlab chiqarish faoliyati uning ilmiy-tadqiqot muassasalarida amalga oshiriladi.

31. Ilmiy-tadqiqot muassasasi o‘z ilmiy-tashkiliy faoliyatini Fanlar akademiyasining nazorat qiluvchi vitse-prezidenti bilan kelishgan holda amalga oshiradi.

Vitse-prezidentning asosiy vazifasi - nazoratidagi ilmiy-tadqiqot muassasalari faoliyatiga samarali yordam ko‘rsatish, uni tartibga solish va muvofiqlashtirishdan iboratdir.

32. Ilmiy-tadqiqot muassasasi direktori nazorat qiluvchi vitse-prezident tavsiyasiga ko‘ra Fanlar akademiyasi prezidenti tomonidan yirik olimlar - qoidaga ko‘ra, fan doktorlari orasidan mehnat shartnomasi qonunchiligiga muvofiq besh yil muddatga tayinlanadi.

Ilmiy-tadqiqot muassasasi direktorining funksional vazifalari Fanlar akademiyasi prezidenti tomonidan tasdiqlanadi.

Ilmiy-tadqiqot muassasasi direktori o‘zi boshqarayotgan muassasaning faoliyati uchun shaxsan javob beradi.

33. Ilmiy-tadqiqot muassasasi direktorining ilmiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari (fan doktori, nomzodi yoki falsafa doktori (Ph.D)), ilmiy kotibi (fan doktori, nomzodi yoki falsafa doktori (Ph.D)) nazorat qiluvchi vitse-prezident bilan kelishilgan holda ilmiy-tadqiqot muassasasi direktori tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi.

Direktorning ilmiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari hamda ilmiy kotibning huquq va majburiyatlari direktor tomonidan ilmiy-tadqiqot muassasasi ustaviga muvofiq belgilanadi.

Ilmiy-tadqiqot bo‘linmasi (ilmiy-tadqiqot muassasasi bo‘limi, laboratoriyasi) mudiri, qoidaga ko‘ra, ilmiy-tadqiqot muassasasi ilmiy kengashi tavsiya etgan fan doktorlari orasidan direktor tomonidan tayinlanadi.

34. Ilmiy-tadqiqot muassasasi direktori huzurida Ilmiy Kengash tuziladi, uning tarkibiga laboratoriya (bo‘lim) mudirlari, ilmiy loyiha rahbarlari va boshqa yetakchi olimlar kiradi.

Ilmiy-tadqiqot muassasasining Ilmiy kengashi maslahat organi hisoblanadi, u ushbu Ustav va ilmiy-tadqiqot muassasasi ustaviga muvofiq ish yuritadi.

35. Ilmiy-tadqiqot muassasalari ushbu Ustav va nazorat qiluvchi vitse-prezidentlar bilan kelishilgan va Fanlar akademiyasi prezidenti tomonidan tasdiqlangan o‘z ustavlariga muvofiq ish yuritadilar.

5-bob. Fanlar akademiyasining umumiy yigilishi

36. Fanlar akademiyasining haqiqiy a’zolari va Fanlar akademiyasi muassasalari direktorlaridan iborat Fanlar akademiyasining Umumiy yigilishi Fanlar akademiyasining oliy kollegial va maslahat organi hisoblanadi.

37. Umumiy yigilish a’zolari Umumiy yig‘ilishda ko‘rib chiqilayotgan masalalar yuzasidan teng huquqlarga ega.

38. Umumiy yigilish ilm-fan rivojlanishining eng muhim masalalari va Fanlar akademiyasi faoliyatini ko‘rib chiqish uchun Fanlar akademiyasi Prezidiumi tomonidan zarurat tug‘ilganda yoki yiliga kamida bir marta chaqiriladi.

39. Umumiy yig‘ilish:

ilm-fanni rivojlantirishning ustuvor va istiqbolli yo‘nalishlarini muhokama qiladi hamda ular bo‘yicha kerakli tavsiyalar ishlab chiqadi;

Fanlar akademiyasining xorijiy a’zolarini saylaydi;

Fanlar akademiyasi prezidenta, vitse-prezidentlari va bosh ilmiy kotibni saylaydi, shuningdek ularni mazkur Ustavning 53 va 55-bandlarida ko‘rsatilgan tartibda biror lavozimga saylash yoki uzi egallab turgan lavozimdan ozod etish to‘g‘risidagi takliflarni kiritadi;

Ustavdagi masalalar va Fanlar akademiyasi faoliyati yuzasidan Fanlar akademiyasi Prezidiumiga takliflar kiritadi;

Fanlar akademiyasi Prezidiumining ma’ruzalari va hisobotlarini muhokama qiladi;

Fanlar akademiyasining atoqli olimlar nomidagi mukofotlarini ta’sis etish to‘g‘risida qaror qabul qiladi hamda belgilangan tartibda ular bilan yetakchi olimlar va ilmiy jamoalarni taqdirlaydi;

40. Umumiy yig‘ilish Fanlar akademiyasi Prezidiumi Fanlar akademiyasi haqiqiy a’zolari va Fanlar akademiyasi ilmiy-tadqiqot muassasalari direktorlarining kamida uchdan bir qismining, shuningdek mintaqaviy bo‘limlarning taklifiga ko‘ra ular tavsiya etgan kun tartibini muhokama qilish uchun chaqirilishi mumkin.

Umumiy yitilishda Fanlar akademiyasi Prezidiumi taklif etgan shaxslar qatnashishlari va kun tartibi bo‘yicha so‘zga chiqishlari mumkin.

41. Umumiy yig‘ilish a’zolari ro‘yxatidagi tarkibning kamida uchdan ikki qismi majlisda qatnashganda va qaror qabul qilish uchun qatnashchilarning kamida uchdan ikki qismi ovoz bergan taqdirda Umumiy majlis to‘la huquqli bo‘ladi va uning qarorlari qabul qilingan hisoblanadi.

42. Fanlar akademiyasining Prezidiumi ovoz berishda chet el xizmat safarida bo‘lgan yoki salomatligi tufayli majlisda qatnasha olmaydigan Umumiy yigilish a’zolarini maxsus qaror bilan hisobdan chiqarish huquqiga egadir.

43. Umumiy yigilish qarorlarini bajarish Fanlar akademiyasining tasarrufidagi barcha tashkilotlar, Fanlar akademiyasi haqiqiy a’zolari va xodimlari uchun tavsiya etiladi.

6-bob. Fanlar akademiyasining haqiqiy a’zolari va xorijiy a’zolari

44. Fanlar akademiyasining shaxsiy tarkibiga haqiqiy a’zolari (akademiklar) va uning xorijiy a’zolari kiradi.

45. Fanlar akademiyasining haqiqiy a’zolari (akademiklar) nomzodlarni tanlab olish natijalari asosida Fanlar akademiyasi Prezidiumi va Fanlar akademiyasi akademiklarining tegishli ilmiy ixtisosliklar bo‘yicha tavsiyasiga binoan O‘zbekistan Respublikasi Prezidenti tomonidan, belgilangan tartibda bir umrga tasdiqlanadi.

46. Fanlar akademiyasining xorijiy a’zosi ilmiy yutuqlari jahon va mamlakat ilm-fani, O‘zbekiston Respublikasi iqtisodiyoti va madaniyati rivojiga ijobiy ta’sir ko‘rsatgan, xalqaro hamkorlik, tinchlik, barqarorlik va ijtimoiy-ikdisodiy taraqqiyotga salmoqli hissa qo‘shgan xorijiy fuqarolar jumlasidan tasdiqlanadi.

7-bob. O‘zbekiston Fanlar akademiyasi akademiklarining huquq va majburiyatlari

47. Fanlar akademiyasining haqiqiy a’zolari quyidagi huquqlarga ega:

Fanlar akademiyasining ilmiy-tadqiqot muassasalarida, tarmoq ilmiy-tadqiqot markazlari va ta’lim muassasalarida ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish;

Fanlar akademiyasining ilmiy-tadqiqot muassasalarida, ilmiy-tadqiqot va ta’lim muassasalarida tanlovdan yoki attestatsiyadan o‘tmay ilmiy lavozimlarni egallash;

Fanlar akademiyasi Prezidiumiga, Umumiy yig‘ilishga ko‘rib chiqish uchun ilmiy va ilmiy-tashkiliy masalalarni kiritish va ularning muhokamasida ishtirok etish;

belgilangan tartibda o‘ziga tegishli ixtisosliklar bo‘yicha Fanlar akademiyasining haqiqiy a’zoligiga munosib nomzodlar ko‘rsatish va ushbu nomzodlarni muhokama qilish va tanlov asosida saylash yuzasidan bo‘lib o‘tadigan Fanlar akademiyasi Komissiyasi yigilishlarida ishtirok etish;

Fanlar akademiyasining ilmiy kengashlari faoliyatida ishtirok etish;

Fanning muhim yo‘nalishlari bo‘yicha ilmiy kengashlarni shakllantirishga doir o‘z taklif-mulohazalarini kiritish;

Fanlar akademiyasining haqiqiy a’zolari belgilangan tartibda har oylik gonorar oladilar hamda belgilangan boshqa huquq va imtiyozlardan foydalanadilar;

Fanlar akademiyasining haqiqiy a’zosi O‘zbekistan fuqaroligini boshqa davlat fuqaroligiga o‘zgartirganda, belgilangan tartibda Fanlar akademiyasining xorijiy a’zosi maqomiga ega bo‘ladi;

Fanlar akademiyasining xorijiy a’zolari boshqa a’zolar bilan birdek huquqqa egadirlar, faqat ular Akademiyaning rahbar organiga saylanish, Fanlar akademiyasi haqiqiy a’zoligiga o‘tkaziladigan nomzodlar tanlovida ishtirok etish xuquqlariga va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «O‘zbekistan Respublikasi Fanlar akademiyasining akademiklari faoliyatini yanada takomillashtirish va rag‘batlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida» 2016 yil 29 dekabrdagi PF-4907-son Farmonida ko‘rsatilgan imtiyozlarga ega bo‘lmaydilar.

48. Fanlar akademiyasi haqiqiy a’zosi kuyidagilarga majbur:

ilmiy tadqiqotlarda, tadqiqotlarning ustuvor va istiqbolli yo‘nalishlarini shakllantirishda ishtirok etish va fanning o‘zi saylangan ilmiy ixtisoslik sohasining yuksak darajada rivojlanishini ta’minlash;

oliy malakali ilmiy kadrlar, magistrlar tayyorlash ishlarida, ilg‘or ilmiy maktablarni shakllantirish va rivojlantirishda, shuningdek, o‘zi biriktirilgan oliy va o‘rta maxsus va kasb-hunar ta’limi muassasalariga, ishlab chiqarish korxonalariga ilmiy-metodik yordam ko‘rsatishda bevosita ishtirok etish;

Fanlar akademiyasiga o‘z ilmiy va ilmiy-tashkiliy faoliyati haqida ilmiy asarlari, ilmiy-tadqiqotlarni amalga oshirish, oliy malakali ilmiy kadrlar tayyorlash, oliy, o‘rta maxsus va kasb-hunar ta’limi muassasalariga, ishlab chiqarish korxonalariga ekspert-maslahat yordami ko‘rsatishda shaxsiy yutuqlarini qamrab oluvchi yillik hisobot topshirish, shuningdek, mamlakatimiz ilm-fanini rivojlantirish bo‘yicha o‘z tavsiya va takliflarini taqdim etish;

Fanlar akademiyasi Prezidiumi, Fanlar akademiyasi prezidenti, vitse-prezidentlari va bosh ilmiy kotibining topshiriqlarini bajarish, Fanlar akademiyasining Umumiy yig‘ilishi, tarmoq fanlari bo‘limi, ilmiy kengashlari ishida faol ishtirok etish.

Fanlar akademiyasining haqiqiy a’zosi qonunchilikka muvofiq boshqa majburiyatlarni ham bajarishi mumkin.

8-bob. Fanlar akademiyasi a’zolarini tasdiqlash tartibi

49. E’lon qilingan ilmiy ixtsosliklar bo‘yicha Fanlar akademiyasi haqiqiy a’zoligiga nomzodlarni tanlov bo‘yicha tanlab olish e’lon qilingan ilmiy ixtisosliklar bo‘yicha Fanlar akademiyasi Prezidiumi a’zolaridan va Fanlar akademiyasining haqiqiy a’zolaridan iborat tanlov Komissiyasi tomonidan, ushbu Ustavga hamda O‘zbekistan Respublikasi Fanlar akademiyasi haqiqiy a’zolarini tanlov bo‘yicha tanlab olish va tasdiqlash tartibi to‘g‘risidagi Nizomga muvofiq o‘tkaziladi.

50. Fanlar akademiyasining xorijiy a’zosi Fanlar akademiyasi tarkibiga Fanlar akademiyasi taqdimnomasiga binoan, Umumiy yigilishda ochiq ovoz berish yo‘li bilan kiritiladilar.

51. Fanlar akademiyasi haqiqiy a’zoligiga nomzodlar ko‘rsatish huquqi Fanlar akademiyasi haqiqiy a’zolariga, ilmiy-tadqiqot va oliy ta’lim muassasalarining ilmiy kengashlariga yoki ilmiy-texnik kengashlariga beriladi.

9-bob. Fanlar akademiyasi Prezidiumi a’zolarini saylash tartibi va ularning lavozim majburiyatlari

52. Fanlar akademiyasi prezidenti lavozimiga nomzodlar mazkur Ustavning 22-bandiga muvofiq Fanlar akademisining haqiqiy a’zolari orasidan muqobillik asosida tashkil etilgan Kengashda muhokama qilinadi.

Fanlar akademiyasi Prezidenti lavozimiga munosib nomzod Kengash tomonidan Umumiy yigilishga tavsiya etiladi.

53. Fanlar akademiyasi prezidenti Umumiy yigilishda ochiq ovoz berish yo‘li bilan saylanadi.

Agar Kengash a’zolarining ovoz berishi natijasiga ko‘ra ko‘rsatilgan nomzod yetarli ovoz to‘play olmasa, Kengash raisi ikkinchi bor saylov o‘tkazadi. Bu holda Kengash barcha Umumiy yigilish a’zolari bilan zarur maslahatlashuvlar o‘tkazadilar, so‘ngra eng maqbul nomzodni saylash uchun Umumiy yigilishga tavsiya etadi.

Umumiy yigilishda eng ko‘p ovoz olgan nomzod saylangan hisoblanadi.

54. Fanlar akademiyasi Prezidiumi Fanlar akademiyasi prezidenti lavozimiga saylangan nomzodni tasdiqlash uchun Umumiy yigilish nomidan yozma ravishda O‘zbekistan Respublikasi Prezidentiga murojaat qiladi.

55. Fanlar akademiyasining vitse-prezidentlari hamda bosh ilmiy kotibi fan va texnika rivojiga ulkan hissa qo‘shgan, ilmiy-texnik ishlanmalarni yaratish va amaliyotga joriy etishda, ilmiy kadrlar va yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlashda katta xizmat qilgan olimlar qatoridan, Kengash bilan kelishilgan holda, Fanlar akademiyasi prezidentining tavsiyasiga binoan, Umumiy yigilishda ochiq ovoz berish yo‘li bilan saylanadilar.

56. Fanlar akademiyasining hududiy bo‘limlari raislari, mintaqaviy bo‘limlari raislari, fan yo‘nalishlari bo‘yicha bo‘limlar rahbarlari - Fanlar akdemiyasi ilmiy kotiblari Fanlar akademiyasi prezidenti tomonidan Fanlar akademiyasi haqiqiy a’zolari hamda lavozim talablariga javob beradigan boshqa yetakchi olimlar orasidan tayinlanadi.

57. Fanlar akademiyasining vitse-prezidentlari va bosh ilmiy kotibi Fanlar akademiyasi Prezidentining belgilangan tartibga muvofiq tasdiqloviga ko‘ra besh yil muddatga va ketma-ket ko‘pi bilan ikki muddatga saylanishlari mumkin.

58. Fanlar akademiyasi Prezidiumi o‘z faoliyati haqida Umumiy yig‘ilishga hisobot beradi.

59. Fanlar akademiyasi prezidenti:

Fanlar akademiyasiga umumiy rahbarlik qiladi, Fanlar akademiyasini rivojlantirish strategiyasini amalga oshirishni va o‘ziga yuklangan vazifalarning bajarilishini ta’minlaydi, kundalik masalalarni operativ tarzda hal etadi;

Fanlar akademiyasidagi ishlarning ahvoli uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenta, O‘zbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, Fanlar akademiyasining Umumiy yigilishi va Prezidiumida shaxsan javob beradi;

barcha yuqori davlat va xo‘jalik boshqaruv organlari, joylardagi ijro hokimiyati organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari hamda xalqaro maydonda Fanlar akademiyasi nomidan ish yuritadi va uning manfaatlarini himoya qiladi;

Fanlar akademiyasining vitse-prezidentlari, ilmiy kotibi, mintaqaviy bo‘limlar raislarining, Fanlar akademiyasi boshqaruv apparati xodimlarining lavozim vazifalarini tasdiqlaydi va ushbu vazifalarning bajarilishini nazorat qiladi;

Kengash faoliyati uchun zarur sharoitlar yaratadi, Fanlar akademiyasining Kengashi va Umumiy yigilishi taklif va tavsiyalarini ko‘rib chiqadi;

Fanlar akademiyasi faoliyatining samaradorligi va rivojlanishiga, ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirishga va zamonaviy texnologiyalarni ishlab chiqishga to‘siq bo‘lib turgan kamchiliklarning bartaraf etilishini ta’minlaydi;

rejalashtirilgan ilmiy tadqiqotlarning bajarilishini, shuningdek, fan yutuqlari va yangi texnologiyalarning o‘z vaqtida amaliyotga tatbiq etilishini nazorat qiladi;

Fanlar akademiyasi ilmiy-tadqiqot muassasalarining oliy va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi hamda ishlab chiqarish korxonalari bilan samarali hamkorligini ta’minlaydi;

Fanlar akademiyasi boshqaruv apparati hamda uning ilmiy-tadqiqot muassasalari va boshqa tashkilotlari faoliyatini nazorat qiladi;

Fanlar akademiyasi tizimida ilmiy kadrlar tayyorlash va ularning malakasini oshirish ishlariga rahbarlik qiladi;

Fanlar akademiyasi mintaqaviy bo‘limlari raislari, ilmiy-tadqiqot muassasalari direktorlari, bo‘limlar rahbarlari, boshqaruv apparatining boshqa xodimlarini amaldagi qonunchilik va belgilangan tartibga binoan lavozimga tayinlaydi va lavozimdan ozod qiladi, shuningdek, ilmiy-yordamchi va xo‘jalik bo‘limlari rahbarlarini shartnoma asosida lavozimga tayinlaydi va lavozimdan ozod qiladi;

Fanlar akademiyasining ilmiy-tadqiqot muassasalari va boshqa tashkilotlarida xodimlarning ilmiy tadqiqotlari samarali bo‘lishiga yordam beruvchi sharoitlar yaratilishini, ilmiy jamoalarda ijodiy muhit tashkil etilishini ta’minlaydi;

Fanlar akademiyasi mablag‘larining asosiy tasarrufchisi hisoblanadi va ulardan oqilona va samarali foydalanilishini nazorat qiladi;

Fanlar akademiyasi prezidenti bo‘lmagan holatlarda uning vazifasi muayyan muddatga Akademiyaning vitse-prezidentlaridan biri zimmasiga yuklanadi.

10-bob. Fanlar akademiyasining mulki va uning faoliyatini moliyalashtirish

60. Fanlar akademiyasining mulkini unga tezkor boshqaruv huquqi asosida biriktirilgan asosiy fondlar va aylanma mablag‘lar hamda uning faoliyati davomida sotib olingan mulk tashkil etadi.

61. Fanlar akademiyasining mulkidan foydalanish qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

62. Fanlar akademiyasining faoliyati O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeta mablag‘lari, shuningdek, qonunchilikka muvofiq ravishda jalb qilingan budjetdan tashqari mablag‘lar (tashqi va ichki investitsiyalar, ishlab chiqarilgan mahsulotni va intellektual mulk ob’ektlarini realizatsiya qilishdan olingan daromadlar, xayr-saxovat sifatida in’om qilingan mablag‘lar va boshqalar) va qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.

Fanlar akademiyasi boshqaruv apparati xodimlariga ish haqi to‘lash, mukofotlash, moddiy yordam ko‘rsatishda davlat boshqaruvi organlari xodimlari uchun belgilangan shart-sharoitlar tatbiq etiladi.

Fanlar akademiyasi boshqaruv apparati xodimlariga ish haqi to‘lash bo‘yicha razryadlar Fanlar akademiyasi tomonidan, O‘zbekiston Respublikasi Mehnat vazirligi va Moliya vazirligi bilan kelishilgan holda tasdiqlanadi.

63. Ilmiy-tadqiqot muassasalari tomonidan budjet va budjetdan tashqari mablag‘larning sarflanishi ularning belgilangan tartibda tasdiqlangan xarajatlar smetasi doirasida, qonunchilik va tegishli muassasalar ustavlari talablariga muvofiq tarzda amalga oshiriladi.

Fanlar akademiyasi Navoiy bo‘limining ta’minoti hamda ushbu bo‘lim tomonidan amaliy va innovatsion tadqiqotlarni amalga oshirish uchun xarajatlar “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” davlat korxonasi tomonidan, shu jumladan, tegishli ilmiy-texnologik ishlanmalarni joriy etish natijasida olingan sof foydaning 10 foizi hisobidan qoplanadi.

64. O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetidan moliyalashtiriladigan ilmiy-tadqiqotlarning natijalari bo‘yicha hisobotlar Fanlar akademiyasi olimlari va ilmiy-tadqiqot muassasalarining intellektual mulk ob’ektlariga bo‘lgan huquqlarini himoya qilish bo‘yicha me’yorlarga rioya qilgan holda O‘zbekiston Respublikasi Fan va texnologiyalar agentligiga taqdim etiladi.

65. Fanlar akademiyasining ilmiy xodimlari va mutaxassislari ushbu tashkilotlarda qonunchilik asosida yaratilgan intellektual mulk ob’ektlariga nisbatan mualliflik huquqlariga ega bo‘lgan sub’ektlar hisoblanadi.

66. Fanlar akademiyasi huzurida Fanlar akademiyasi ilmiy xodimlarini moddiy rag‘batlantirish Fondi tashkil etiladi.

67. Fanlar akademiyasi ilmiy xodimlarini moddiy rag‘batlantirish Fondi Fanlar akademiyasi muassasalarining tadbirkorlik faoliyatidan olingan sof foydaning 10 foizi miqdorida ajratiladigan mablag‘ hisobidan shakllantiriladi.

Fanlar akademiyasi ilmiy xodimlarini moddiy rag‘batlantirish Fondi haqidagi Nizom O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.

11-bob. Yakunlovchi qoida

68. Fanlar akademiyasi, uning ilmiy-tadqiqot muassasalarini va boshqa tashkilotlarini tugatish va qayta tashkil etish belgilangan tartibda qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.