Hozirgi vaqtda yangi dori vositalarini yaratilishida molekulyar modellashtirish usullari muhim rol oʼynaydi. Bu ayniqsa, biologik nishonlar boʼlgan – retseptor va fermentlarga biologik faol modda taʼsir qiluvchi dori vositalarini ishlab chiqishida muhim.
Oʼzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Oʼsimlik moddalari kimyosi institutida Oʼzbekiston oʼsimlik resurslaridan ajratib olingan koʼplab tabiiy birikmalar mavjud. Bu moddalarning aksariyati biologik faol birikmalardir, yaʼni potentsial dorivor moddalardir.
Ularni tadqiq etish uchun “Tibbiy kimyo va nozik organik sintez” yangi zamonaviy laboratoriya tashkil qilinmoqda. Uning asosiy vazifasi kimyo va bioinformatikaning ilgʼor usullaridan foydalanib, yangi kichik dori molekulalarini yaratishdir.
Laboratoriya xodimlari tibbiy, organik, biologik kimyo, koʼp parametrli maʼlumotlarni tahlil qilish va agrokimyo, in silico modellashtirish uslublari bilan shugʼullanadi.
Mazkur laboratoriyaning tashkil etilishi virtual skrining, tibbiy kimyo va dori vositalarini yaratish sohasiga zamonaviy usullarini Institut tizimiga tadbiq qilish imkonini berib, dori-darmonlar ishlab chiqilishida, kerakli xususiyatlarga ega dori molekulalarini modellashtirish, sintezlash va tanlash imkonini beradi. Bu esa, dori vositasi yaratilish jarayonining sezilarli darajada qisqarishiga yordam beradi.