O‘zbekistonda muzey ishini yangilash, muzey va tomoshabinlarning o‘zaro aloqasi, ya’ni kommunikatsiya masalalarini hal etish muhim vazifalardan biri hisoblanadi. Muzey ishida axborot tizimini shakllantirish hozirgi davrda muhim ekani, muzeylarni kompyuterlashtirish, ularni Internet tarmog‘iga ulash, multimedia dasturlari va barcha muzeylararo yagona axborot tizimini shakllantirish orqali masofadan o‘qitish texnologiyasini rivojlantirish talab qilinmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 26-avgustdagi PQ-3920-sonli “O‘zbekiston Respublikasida madaniyat va san’at sohasini innovatsion rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida belgilangan vazifalarni amalga oshirish maqsadida O‘zR FA Temuriylar tarixi davlat muzeyning mobil ilovasi, 150 dan ortiq eksponatlarning QR-kodlari yaratildi va muzey zalida interaktiv sensorli proektor o‘rnatildi, unda muzeyning virtual ko‘rinishi, Amir Temur va temuriylar davri tarixiga bag‘ishlangan multimedia namoyish etilmoqda. Shu tariqa yangi informatsion texnologiyalarni joriy etish xalqimiz va sayyohlarga qulaylik yaratish, tariximizni keng targ‘ib qilish, eksponatlar haqidagi ma’lumotlarni kengrok ochib berish kabi imkoniyatlarni yaratmoqda.