Tarixiy manbalardan ma'lumki, Amir Temur hokimiyat tepasiga kelishi bilan Movarounnahr shaharsozligida yangicha uslub paydo bo'lgan, shaharlarda yirik saroylar, bog'lar, madrasalar, hunarmandlik markazlari bunyod etilgan. Amir Temur davri bunyodkorligi uning avlodlari tomonidan davom ettirilgan.
Sohibqiron har bir yangi qurilish oldidan mashhur me'moru ustalar, olimlar bilan kengashib, ularga g'oya bergan va shu g'oyalar bo'yicha quriladigan inshootlarning tarhi yaratilgan. Bu inshootlar har tomonlama mukammallashgan tarh asosida aniq reja, maqsad bilan mahoratli me'mor ustalar tomonidan bunyod etilgan.
Temuriylar davri arxitekturasi mahobati, bezaklarning boyligi, musulmon me'morchiligi va sharq uslubidagi saroy arxitekturasi an'analarining uyg'unligi bilan ajralib turadi. Shuningdek, bu davrda san'atning barcha sohalari kabi badiiy bezak san'ati ham yuksak darajada taraqqiy topgan bo'lib, bu bezak namunalarini Temuriylar davrining betakror tarixiy obidalar misolida ko'rishimiz mumkin.
O'zR FA Temuriylar tarixi davlat muzeyida Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti mustaqil izlanuvchi Kamila Xikmatullayevaning ilmiy tadqiqotlari natijalari asosida “Temuriylar davri me'morchiligi va badiiy bezash san'ati” deb nomlangan ko'rgazma tashkil etildi. Ko'rgazmaning asosiy maqsadi Amir Temur va Temuriylar davri me'moriy obidalari, ularda badiiy estetikaning aks etishi, koshinlardagi ko'rkam naqsh bezaklari, badiiy bezash san'atidagi o'ziga xos uslublar va zamonaviy shaharsozlikda me'moriy an'analar davomiyligini ko'rsatishdan iborat.