Tarixga nazar tashlar ekanmiz, nafaqat temuriy hukmdorlar, balki temuriy malikalar ham isteʼdodli siyosatchi, yetuk olima va xassos shoira boʻlganliklariga ishonch hosil qilamiz. Ular tarix zarvaraqlarida oʻzlaridan oʻchmas iz qoldirganlar. Ana shunday malikalardan biri Temuriylar davrining benazir malikasi, ilm-fan, madaniyat va sanʼat homiysi, Mirzo Ulugʻbekning volidasi Gavharshod begimdir.Gavharshod begim Hirot malikasi boʻlganligi uchun ham uning oʻzbek va afgʻon xalqlarining mushtarak tarixida tutgan oʻrni beqiyosdir.
2018-yil 14-dekabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Temuriylar tarixi davlat muzeyida Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi, Madaniyat vazirligi, Xalqaro Amir Temur hayriya jamoat fondi hamda Oʻzbekiston-Afgʻoniston doʻstlikjamiyati bilan hamkorlikda Gavharshod begimga bagʻishlangan “Temuriy malika Gavharshod begimning hayoti va faoliyati” mavzuida Xalqaroilmiy-amaliy simpozium oʻtkazildi.
Simpoziumni Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vaziri Baxtiyor Sayfullayev, OʻzR FA vitse-prezidenti Bahrom Abduhalimov, Afgʻoniston Islom Respublikasi Prezidenti Devoni Ishlar boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari Ilhom Faridun, Afgʻoniston Islom Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Madaniy aloqalar boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari Muhammad Rahim Pirzoda, Oʻzbekiston-Afgʻoniston doʻstlik jamiyati raisi Abdurahim Mannonov tabrik soʻzi bilan ochib berdilar.
Ushbu simpoziumda malakatimiz olimlari bilan bir qatorda afgʻonistonlik mehmonlar ham ishtirok etdilar. Simpozium yakunida bu kabi tadbirlar Oʻzbekiston hamda Afgʻoniston davlatlari oʻrtasidagi ilmiy, madaniy va maʼrifiy sohadagi aloqalarni yanada rivojlantirishga xizmat qilishi taʼkidlab oʻtildi.