O'simliklar genetikasi va seleksiyasi bo'yicha yirik mutaxassis, O'zR FA Genetika va o'simliklar eksperimental biologiyasi instituti laboratoriya mudiri Miradham Fuzailovich Abzalov olamdan o'tdi.
M.F.Abzalov 1941-yil 14-mart kuni Toshkent shahrida tavallud topgan.
58 yil davomida o'simliklar genetikasi va seleksiyasi yo'nalishida samarali mehnat qildi. 1967-1990-yillarda O'zbekiston Milliy universitetida dotsent, kafedra mudiri lavozimlarida ishladi, 1990-yildan O'zR FA Genetika va o'simliklar eksperimental biologiyasi institutida laboratoriya mudiri lavozimida ishlab kelayotgandi.
1991-yil Moskvada Rossiya Fanlar akademiyasining N.I.Vavilov nomidagi Umumiy genetika instituti ixtisoslashgan ilmiy kengashida doktorlik dessertatsiyasini yoqlagan. 1993-yilda professor, 1994-yildan Nyu-York Fanlar akademiyasining haqiqiy a'zosi bo'lgan.
M.F.Abzalov soya o'simligini Respublikaning oziq-ovqat hamda qishloq xo'jaligidagi o'rnini va tuproq unumdorligini oshirish imkonlarini e'tiborga olgan holda 1997-yildan Institut ilmiy yo'nalishiga soya o'simligini kiritib, uning 130 dan ortiq genofondini to’plagan. Hozirgi kunda uning 40 dan ortiq genetik kolleksiya tizmalarini ajratgan, morfobiologik va xo'jalikda ahamiyatli belgilarini genetikasini o'rganish natijasida qisqa muddat ichida soyani ikki navini “Genetik-1” 2009-yildan va “Sochilmas” 2015-yildan tumanlashtirishga erishdi va Davlat Reestriga kiritgan.
U faol olim sifatida O'zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Genetika va o'simliklar eksperimental biologiyasi instituti ilmiy kengash a'zosi, katta ilmiy xodimlik maktabiga kirish imtihoni bo'yicha Hay'at raisi, O'zR FA Genetika va o'simliklar eksperimental biologiyasi institutidagi ixtisoslashgan doktorlik dissertatsiyalarini himoya qiluvchi kengash a'zosi va seminar raisi edi.
Genetik olim Miradham Abzalov vafoti munosabati bilan marhumning oila a'zolari va yaqinlariga O'zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi nomidan chuqur hamdardligimizni bildiramiz.