Suvni shoʼrsizlantirish tizimlari samarali ishlatilmoqda

2020-2021 yillarda Oʼzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Yadro fizikasi institutida Oʼzbekistonning choʼl artezian suvlari uchun nanostrukturali materiallardan foydalangan holda suvni shoʼrsizlantirish blok-modulli tizim yaratish ilmiy loyihasi amalga oshirilmoqda.

Bugungi kunga kelib loyiha doirasida ishlab chiqilgan tuzsizlantirish tizimlarining tajribaviy namunalari Navoiy kon-metallurgiya kombinati davlat korxonasining xodimlarini toza ichimlik suvi bilan taʼminlash maqsadida bir nechta obyektlarida oʼrnatildi va muvaffaqiyatli ishlatilib kelmoqda. Shu qatorda Navoiy kon-metallurgiya kombinati markaziy kon boshqarmasi "Muruntov" koni, Uchquduq shahri Shimoliy kon boshqarmasining "KONCHI" dispanseri, Zarafshon shahar Markaziy ma'dan boshqarmasining 2-sonli gidrometallurgiya zavodida mazkur tizim ishlatilmoqda.
2021-yil aprel oyida Qoraqalpogʼiston Respublikasi Nukus tumanidagi bolalar bogʼchalaridan birida Yadro fizikasi institutida ishlab chiqarilgan tuzsizlantirish tizimi oʼrnatildi. Institut tomonidan amalga oshirilayotgan mazkur loyiha respublikamizning markaziy suv taʼminotidan uzoklashgan hududlarini va qishloq aholisini yuqori sifatli ichimlik suvi bilan taʼminlashda muhim ahamiyatga ega.