Sohibqiron Amir Temur xotirasi abadiy

2018-yil 9-aprel kuni Amir Temur tavalludining 682 yilligiga bag`ishlab O`zR FA Temuriylar tarixi davlat muzeyi, Toshkent shahar hokimiyati, Xalqaro Amir Temur xayriya jamoat fondi bilan hamkorligida Toshkent shahridagi Amir Temur xiyobonida “Sohibqiron Amir Temurga ehtirom” nomli tantanali tadbir o`tkazildi. Tadbirga taklif etilgan davlat va jamoat arboblari, xorijiy diplomatik korpus vakillari, mahalla faollari, talaba-yoshlar buyuk Amir Temur haykali poyiga gulchambarlar qo`ydilar.

  

Tantanali marosimni Xalqaro Amir Temur xayriya jamoat fondi raisi, tarix fanlari nomzodi Nozim Habibullayev kirish so`zi bilan ochib berdi. Shuningdek, Qozog`istonning O`zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Yerik Utembayev, Temuriylar tarixi davlat muzeyi direktori, tarix fanlari nomzodi Xurshid Fayziyev, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a`zosi, shoir Nosirjon Jo`rayev so`zga chiqdilar. So`ngra “Temurbeklar maktabi” o`quvchilari tomonidan harbiy mashqlar, orkestr ijrosida vatanparvarlik mavzusidagi qo`shiq kuylandi.

Tadbir davomida mehmonlar Temuriylar tarixi davlat muzeyiga taklif qilindi. Muzeyning markaziy kirish eshiklari oldida karnay-surnay sadolari yangradi, san`atkorlar hamda bolalar ijrosida milliy qo`shiq va raqslar ijro etildi.

Doimiy an`anaga muvofiq muzeyda Sohibqiron tavallud kuniga bag`ishlab “Tangalarda aks etgan tarix” nomli ko`rgazma tomoshabinlar hukmiga havola etildi.

  

Tarixiy merosimiz haqida ma`lumot olish imkonini beruvchi ushbu ko`rgazma orqali temuriylar davlatining bashariyat tamaddunida salmoqli o`rin egallaganiga yana bir bor guvoh bo`lish mumkin.