Sohibqiron Amir Temur va Temuriylar

Mustaqillikka erishishimiz bilanoq boy ma’naviy merosimiz, milliy-qadriyatlarimiz, shu jumladan ulug‘ bobomiz Sohibqiron Amir Temur va Temuriylar tarixini chuqur o‘rganilmoqda. Amir Temur merosini o‘rganish bo‘yicha Yevropa va Sharq tillarida mingdan ziyod yaqin kitoblar yozilgan, ko‘pdan-ko‘p suratlari ishlangan. Amir Temur o‘z avlodlariga nafaqat katta saltanatni, ayni vaqtda yaxshi an’analarni ham meros qoldirdi. Barcha Temuriylar Amir Temurning obodonchilik, mamlakatni adolat bilan boshqarish, ilm-fan, madaniyat, san’at sohalaridagi ishlarini davom ettirdilar.

Sohibqiron Amir Temur va Temuriylar hukmronligi bilan bog‘liq siyosiy, iqtisodiy, madaniy va ma’naviy hayotning barcha jabhalarida rivojlanishlar davri bo‘ldiki, bu davr jahon miqyosida Temuriylar renessansi  deya e’tirof etilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Temuriylar tarixi davlat muzeyi tashkil etilganining 23 yilligiga bag‘ishlab,  joriy yilning 18-oktabr kuni o‘tkazilgan “Temuriylar davrida ilm-fan va madaniyat rivojini o‘rganish va targ‘ib qilishning umumbashariy ahamiyati” mavzuidagi Respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi aynan yuqoridagi fikrlarni inobatga olgan tadbirlardan biridir.

  

O‘zR FA Temuriylar tarixi davlat muzeyi direktori, t.f.n. X.T.Fayziev kirish so‘zi bilan konferensiyani ochib berdi. Konferensiyaning yalpi majlisida yurtimizning taniqli olimlari va yozuvchilari o‘zlarining ma’ruzalari bilan qatnashdilar.

Yalpi majlisdan so‘ng konferensiya o‘z ishini “Temuriylar davri yozma yodgorliklari: manbashunoslik va tarixshunoslik masalalari”, “Davlat va jamiyat boshqaruvi: arxitektura va bunyodkorlik ishlari; harbiy-siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar” hamda “Temuriylar davri renessansi: ilm-fan va madaniyat, muzeyshunoslik muammolari” mavzularidagi sho‘’balarda davom ettirdi.