“SMАRT patrullar boʼyicha tajriba almashishga doir mintaqaviy uchrashuv” mavzusida milliy seminar oʼtkazildi. Seminar “Markaziy Osiyoda yovvoyi tabiatdagi jinoyatlarga qarshi kurashish salohiyatini oshirish va ularga koʼmaklashish” xalqaro loyihasi doirasida amalga oshirilishi rejalashtirilgan koʼplab tadbirlarning birinchi tadbiri hisoblanadi.
Ushbu loyiha Markaziy Osiyo mamlakatlari tomonidan CITES konvensiyasi boʼyicha qabul qilingan meʼyor va majburiyatlarni amalga oshirishga koʼmaklashishga qaratilgan. Loyiha “Fauna & Flora International” xalqaro ekologik tashkiloti, Oʼzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Zoologiya instituti, Oʼzbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʼmitasi va “Ekomaktab” ekologik resurs markazi bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda.
Loyiha Markaziy Osiyoning asosiy muhim nuqtalari va savdo yoʼllarida yovvoyi tabiatning noqonuniy savdosiga qarshi kurashish uchun huquq-tartibot idoralarining salohiyatini kuchaytirishga qaratilgan boʼlib, yetarlicha bilimga ega, malakali huquqni muhofaza qilish organlari va agentlik xodimlari ushbu muammoni hal qilishda katta iroda koʼrsatishiga yoʼnaltirilgan. Shu bilan birga, loyiha yovvoyi hayvonlarning noqonuniy savdosining ham biologik xilma-xillik, ham mintaqaviy barqarorlik uchun salbiy oqibatlarini bartaraf etish va yumshatishga qaratilgan.
Mazkur seminarda SMАRT patrullarini maqsadli yoʼlga qoʼyish boʼyicha respublika va mintaqaviy darajada maʼlumotlar almashinuvining amaldagi tartib qoidalar muhokama qilindi. Har bir idoraning jinoyatlarga qarshi kurashish borasidagi ishlarni yanada kuchaytirish chora-tadbirlari koʼrib chiqildi.