Oʼrta Osiyo xalqlari tomonidan yaratilgan madaniy meros namunalari orasida qoyatoshlardagi rasmlar eng qimmatli manbalar hisoblanib, ular toshga yozilgan tarixiy sanʼat asarlaridir. Bugungi kunda Markaziy Osiyo mintaqasida 1300 dan ziyod qoyatosh suratlarining manzillari aniqlangan va hisobga olingan. Ularning 250 ga yaqini Oʼzbekistonda joylashgan. Lekin shunday boʼlsada, Markaziy Osiyoda topilgan qoyatosh suratlari ichida Siypantosh yodgorligi eng qadimiyligi hamda oʼziga xos tarzda hayotiy ishlanganligi bilan alohida eʼtibor va eʼtirofga loyiq boʼlmoqda. Yodgorlik Zarafshon togʼ tizmasi Qoratogʼ togʼ bagʼrida, Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumanidagi Quruqsoy qishlogʼi hududida joylashgan. Siypantosh qoyatosh rasmlari dastlab 2001-yilda R.X.Sulaymonov tomonidan aniqlangan.
Yodgorlik Oʼzbekiston Fanlar akademiyasi Milliy arxeologiya markazi xodimlari t.f.n. M.Xujanazarov va tadqiqotchi X.Oynazarov tomonidan qayta oʼrganildi va Siypantosh atrofidan yangi qoyatosh rasmlari aniqlandi. Yangi topilmalar Siypantoshdan 400-500 m balandlikda, mahalliy aholi Oqbuloq deb nom bergan buloq atroflaridan topildi.
Shuningdek, Siypantoshdan taxminan 2-3 km shimolroqda, Xoʼjavulmirbaraka qabristonidan 100-150 m gʼarbda ham yangi qoyatosh rasmlari aniqlandi.
Bu rasmlar toshda choʼkichlab ishlangan boʼlib, ularda odamlar, hayvonlar, oʼq yoylar, turli xil geometrik belgilar aks etgan. Tadqiqotlar natijasida qoyatosh rasmlarda koʼproq togʼ echkilari aks etganligi aniqlandi. Yangi topilmalarning ikkinchi toʼplami katta toshning ichida hosil boʼlgan ayvonning shipida qizil oxra bilan chizilgan. Rasmda qoʼl panjalari aks etgan.
Bu topilgan qoʼl panjalari rasmlari Siypantoshdagi qoʼl panjalariga oʼxshashligini koʼrishimiz mumkin. Siypantosh atroflaridan topilgan yangi rasmlar Siypantosh qoyatosh rasmlari qadimiy ekanligidan dalolat beradi. Shuningdek, ular qadimgi aholining mifologik va diniy dunyoqarashi, tasavvurlarini oʼrganishda ilmiy manba boʼlib xizmat qiladi. Yodgorlikda tadqiqot ishlari davom ettirilmoqda.