Oʼzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Navoiy boʼlimi doktoranti Sh.Kuyliyeva sifatli va boyitilgan grafit olish ustida ilmiy tadqiqotlar olib bormoqda.
Respublika sanoatini import oʼrnini bosadigan sifatli grafit kontsentrati va grafit tarkibli mahsulotlar bilan taʼminlash uchun grafit rudasini boyitish va shu asosda grafitli surkov–moylash materiallari ishlab chiqarishni taʼminlash maqsadida Taskazgan konidagi grafit rudalarini flotatsiya yoʼli bilan boyitish texnologiyasi ishlab chiqildi. Bunda flotareagent sifatida qoʼllaniladigan hamda koʼpik hosil qiluvchi va yigʼuvchi funktsiyalarini bajaradigan yangi UGK (universal grafit koʼpirtiruvchisi)ning boyitish jarayoniga taʼsiri oʼrganildi. Grafit rudasini boyitish orqali sanoat tarmoqlariga zarur boʼlgan yuqori sifatli, tarkibida uglerodning miqdori 90-95% gacha tashkil etadigan grafit kontsentrati ajratib olindi hamda uning asosida grafitli-moylash materiallarining sinov namunalari tayyorlandi.
Maʼlumki, qora qalamning asosini uning markazida joylashgan qora silindrsimon shaklga ega boʼlgan sterjen (oʼzak) tashkil etadi. Ushbu sterjenning asosini yuqori sifatli va yuqori disperslik (juda mayda zarrali) grafit tashkil etadi. Hozirda yosh tadqiqotchi tomonidan qora qalam sterjinlari namunalari tayyorlandi.