Shukur Xolmirzayev tavalludining 80 yilligiga bag’ishlangan konferensiya o’tkazildi

O'zbekiston xalq yozuvchisi Shukur Xolmirzayev tavalludining 80 yilligi munosabati bilan joriy yil 6-noyabr kuni  O'zR FA O'zbek tili, adabiyoti va folklori instituti hamda Termiz davlat universiteti hamkorligida “Shukur Xolmirzayev ijodining ma'naviy-ma'rifiy ahamiyati” mavzusidagi respublika ilmiy-nazariy onlayn konferensiya o'tkazildi. Unda respublikamizda faoliyat yuritayotgan Shukur Xolmirzayev ijodi bilan shug'ullanayotgan yetakchi olimlar, adabiyotshunoslar, yosh tadqiqotchilar, oliy ta'lim muassasalari professor-o'qituvchilari hamda yozuvchining oila a'zolari ishtirok etdi.

 

Konferensiyada Shukur Xolmirzayev asarlari tahliliga bag'ishlangan ma'ruzalar tinglandi. Yozuvchi ijodining mavzular ko'lami rang-barangligi, serqirra ijodkor ekanligi ta'kidlandi.

Darhaqiqat, Shukur Xolmirzayev ijodining alohida xususiyati shundaki, bu adib o'zbek milliy hikoyachilik san'atini ustozi Abdulla Qahhordan keyin yangi, yuqori bosqichga ko'tardi. Uning povest va romanlari turli xil obraz, xarakterlarga boyligi bilan ajralib turadi.