Sharqshunoslik instituti nashrlariga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi

O‘zR FA Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti ilmiy jamoasi 2017-2018-yillarda qadimiy qo‘lyozmalarni tadqiq etish, tarjima va tabdilini amalga oshirish, nashr qilish ishlarini bajardi. Institut direktori professor B.A. Abduxalimov so‘zga chiqib ilmiy jamoaning o‘tgan yillarda erishgan yutuqlari, qilinayotgan ishlar, bugungi dolzarb masalalar haqida gapirib, anjuman ishtirokchlarini qutladi va tadbirni boshlab berdi.

 

Ushbu ilmiy anjumanda Toshkent davlat Sharqshunoslik instituti rektori fil.f.n., dots. G. Rixsieva, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbekistonga  oid  xorijdagi madaniy boyliklarni tadqiq  etish  markazi direktori fal.f.d., prof. R. Bahodirov, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori s.f.d.,  prof. Sh. Yovqochev, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat O‘zbek tili va adabiyoti universiteti rektori fil.f.d., prof. Sh. Sirojiddinov va boshqa mutaxassislar hamda tadqiqotchilar ishtirok etdi.

 

O‘zRFA Sharqshunoslik instituti direktori o‘rinbosari t.f.d. S.U.Karimova institut ilmiy jamoasi tomonidan 2017-2018-yillarda tarix va manbashunoslik, fan tarixi, islomshunoslik, mumtoz adabiyot, kataloglar va turli ilmiy sohalarga oid chop qilingan kitoblar haqida batafsil axborot berdi.

2017-2018-yillarda Institut tomonidan Markaziy Osiyo tarixiga oid 10 ta, fan tarixi bo‘yicha 4 ta, islom mavzusida 9 ta, mumtoz adabiyotga tegishli 3 ta monografiya va manbalar, shuningdek, 3 ta mavzu katalogi va 3 ta to‘plam, umumiy hisobda 34 ta kitob nashr qilindi.