Seysmologik xavfsizlikni kuchaytirish bo‘yicha takliflar berildi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Tadbirkorlik, raqobatni rivojlantirish va sanoat masalalari qo‘mitasi tomonidan M.T. O‘rozboyev nomidagi Mexanika va inshootlar seysmik mustahkamligi institutida “Seysmologik xavfsizlikni kuchaytirish, hududlarning seysmologik holati va seysmobardosh qurilish tizimini yaratish” mavzusida ilmiy-amaliy seminar o‘tkazildi.

Ta’kidlanganidek, keyingi yillarda mamlakatimizda seysmologiya, inshootlarning seysmik mustahkamligi va seysmik xavfsizlikni ta’minlash sohalarini rivojlantirish bo‘yicha keng ko‘lamli kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilyapti. Ayniqsa, obyektlarda bino va inshootlarning zilzilabardoshligiga ta’sir qiluvchi, inson salomatligi va hayotiga tahdid soluvchi sifatsiz qurilish materiallari hamda buyumlar qo‘llanilishi yuzasidan davlat nazoratini amalga oshirish sohasiga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Sohaning huquqiy asoslari takomillashtirib borilmoqda. Xususan, 2021-yil 13-dekabrda Prezidentimiz tomonidan “O‘zbekiston Respublikasi aholisi va hududining seysmik xavfsizligini ta’minlash to‘g‘risida”gi qonun imzolandi. Mazkur hujjat bilan davlat organlarining, xususan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Qurilish vazirligi, Fanlar akademiyasi hamda mahalliy davlat hokimiyati organlarining seysmik xavfsizlikni ta’minlash borasidagi asosiy vazifalari belgilandi.

Shuningdek, seysmik xavfsizligi ta’minlanadigan obyektlarning tasnifi hamda binolar va inshootlarning zilzilabardoshligini tekshirish hamda monitoring qilish tartibi o‘z aksini topdi. Bundan tashqari, kuchli zilzila oqibatlarini bartaraf etish, kuchli zilzilalar natijasida zarar ko‘rgan obyektlarni tiklash – davlat budjeti, xalqaro moliya institutlari mablag‘lari va boshqa taqiqlanmagan manbalar hisobidan amalga oshirilishi, shuningdek, fuqarolarning seysmik xavfsizlikni ta’minlash sohasidagi huquqlari va majburiyatlari belgilandi.

Seminarda ko‘p qavatli uylarning zilzilaga bardoshliligini oshirish, aholining seysmik xavfsizligini ta’minlash mavzularida ma’ruzalar bo‘ldi. Shuningdek, seysmik xavfni baholash va zilzilabardosh qurilish bo‘yicha ilg‘or yondashuvlar atroflicha muhokama qilindi.

Tadbirda muhokamalardan kelib chiqib deputatlar tomonidan seysmologik xavfsizlikni yanada kuchaytirish yuzasidan aniq takliflar berildi hamda qurilish sohasida seysmologik xavfsizlikni ta’minlash borasida parlament nazorati doimiy o‘rnatilishi ta’kidlandi.