Jomboy tumani 51-maktabning tarix fani oʼqituvchisi Muhriddin Xolsaidov Samarqand davlat universiteti tarix fakulteti maʼmuriyatiga Gʼoʼbdin togʼida joylashgan Yetimsoy darasida bir nechta qoyatosh suratlarini aniqlagani haqida murojaat qildi. SamDU Аrxeologiya kafedrasi dotsenti O. Ergashev va OʼzFА Milliy Аrxeologiya Markazi Samarqand Аrxeologiya instituti katta ilmiy xodimi B. Sayfullaevlar mazkur maʼlumot asosida M. Xolsaidov, Oʼ. Qobilovlar hamrohligida Gʼoʼbdin togʼining Bulungʼur tumaniga qarashli boʼlgan Yetimsoy darasiga tashrif buyurishdi. Tashrif davomida qoyatosh suratlari bilan birga Bot-bot qishlogʼi xududida tosh davriga oid makon aniqlandi. Yer yuzasidan tosh davriga oid chaqmoqtosh, slanets va kvartsdan ishlangan bir nechta tosh buyumlar qoʼlga kiritildi. Mutaxassislar dastlabki kuzatuv ishlari va qoʼlga kiritilgan artefaktlarga asoslanib, mintaqani arxeologik jihatdan tadqiq qilish muhim istiqbolga ega ekanligini taʼkidlashmoqda.