Rossiyalik olim ishtirokida ilmiy seminar tashkil etildi

2021-yil 24-fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Fizika-texnika institutining taklifiga binoan Rossiyaning Skolkovo fan va texnologiyalar institutining Nanomateriallar laboratoriyasi mudiri fizika-matematika fanlari doktori, professor Albert Nasibulin ishtirokida onlayn ilmiy-seminar tashkil etildi. Seminarda yarimo‘tkazgichlar va qattiq jismlar fizikasi sohalari bo‘yicha 40dan ortiq mutaxassislar va yosh olimlar ishtirok etdi.

 

Bir soatdan ortiq vaqt davom etgan ilmiy seminarda professor Albert Nasibulin tomonidan Rossiyaning Skolkovo fan va texnologiyalar institutining faoliyati va ushbu Institutda mavjud magistratura va doktorantura dasturlari to‘g‘risida, Nanomateriallar laboratoriyasi to‘g‘risida va ushbu laboratoriyada olib borilayotgan tadqiqotlar to‘g‘risida ma’lumotlar berildi. Ma’ruza davomida asosan uglerod nanotrubkalarini olish va ularni turli elektronika asboblarida qo‘llash bo‘yicha olib borilayotgan tadqiqot ishlari natijalari muxokama qilindi. Ma’ruza yarim o‘tkazgichlar sohasida tadqiqot olib borayotgan yosh olimlarda katta taassurot qoldirdi. Professor Albert Nasibulin qiziquvchi o‘zbekistonlik yosh olimlarni kelajakda Rossiyaning Skolkovo fan va texnologiyalar institutida ilmiy stajirovka o‘tashlarini taklif qilib, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashini ta’kidlab o‘tdi.

 

Professor Albert Nasibulin nanomateriallar sohasidagi taniqli olim hisoblanib, uning xorijiy nufuzli ilmiy jurnallarda 300 ga yaqin chop etilgan maqolasi, 40 ga yaqin patenti mavjud bo‘lib, uning Scopus bo‘yicha Xirsh indeksi 46ga teng.