Respublikamizda biologik xilma-xillikni saqlash strategiyasi doirasida amalga oshirilayotgan ishlarga bagʼishlangan matbuot anjumani oʼtkazildi

Bugun, 15-iyun kuni Oʼzbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʼmitasi, Oʼzbekiston Fanlar akademiyasi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi hamkorligida Аxborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida 2019-2028-yillar davrida Oʼzbekiston Respublikasida biologik xilma-xillikni saqlash strategiyasi doirasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar yuzasidan matbuot anjumani oʼtkazildi.

Taʼkidlanganidek, biologik xilma-xillikni saqlash va undan barqaror foydalanishni taʼminlash, muhofaza qilinadigan tabiiy hududlarni rivojlantirish va kengaytirish, tabiiy ekologik tizimlarning tanazzulga uchrashi surʼatlarini pasaytirish, hayvonlar va oʼsimliklarning kamyob va yoʼqolib borayotgan turlarini qayta tiklash, bioxilma-xillikni saqlab qolish sohasidagi xalqaro munosabatlarni rivojlantirishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

 

Mazkur yoʼnalishda Fanlar akademiyasi tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar haqida qisqacha tanishtirib oʼtildi:

•        Zamonaviy geoaxborot texnologiyalari (GIS-texnologiyalar) asosida bioxilma-xillik oʼsimliklarning davlat monitoringi va davlat kadastri yuritilib, hozirgi kunda Jizzax, Navoiy, Samarqand, Kashqadaryo va Buxoro viloyatlarining noyob va yoʼqolib ketish xavfi ostidagi oʼsimliklarning kadastri monografiyasi nashr etildi.

•        Toʼr tizimli metod asosida Oʼzbekiston Respublikasining florasi kompleks oʼrganilib Oʼzbekiston florasi monografiyasining yangi tahrirdagi 3 jildi nashr etildi va 4-5 jildlari nashr uchun tayyorlandi.

•        Botanika instituti Molekulyar filogeniya va biogeografiya laboratoriyasi ilmiy xodimlari tomonidan DNK-shtrix-kodlash texnologiyasidan foydalangan holda xozirgacha Oʼzbekistonning noyob va yoʼqolib ketish xavfi ostida boʼlgan 5 turkumga mansub 41 oʼsimlik turlari 66 ta namunada barkodlandi va Genbank (NCBI) tizimiga joylandi hamda ularni xalqaro identifikatsiya qilish imkonini beruvchi tegishli raqamlar olindi.

Fanlar akademiyasi va boshqa bir qator tashkilotlar bilan hamkorlikda muntazam ravishda Qizil kitobni yuritish ishlari olib borilmoqda. Jumladan, yangi tahrirdagi hayvonot olami boʼyicha Qizil kitobning noyob va yoʼqolib ketish xavfi ostida turgan turlari roʼyxatiga 209 ta tur, shundan 21 ta tur qoʼshimcha ravishda kiritildi va 12 ta turning maqomi oʼzgartirildi.