Respublikamiz florasini oʼrganish va muhofaza qilish boʼyicha aniq vazifalar belgilandi

Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga Murojaatnomasi hamda 2020-yil 31-yanvar kuni Davlat geologiya va mineral resurslar qoʼmitasida olimlar, yosh tadqiqotchilar, ishlab chiqarish vakillari va ilmiy-tadqiqot muassasalari rahbarlari bilan oʼtkazgan uchrashuvida belgilab berilgan vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida OʼzR FА Botanika institutida Oʼzbekiston Respublikasi Oʼrmon xoʼjaligi davlat qoʼmitasi rahbar xodimlari bilan uchrashuv tashkil qilindi.

Uchrashuvda Botanika instituti olimlari tomonidan taklif etilgan loyihalarni oʼrmon fondi yerlarida qoʼllanilishi, bioxilma-xillikni muhofaza qilish va oʼrmon xoʼjaligini iqtisodiy samaradorligini oshirish, Oʼrmon хoʼjaligi fondi yerlarida kadastr faoliyatini yuritish va amaliyotga joriy etish boʼyicha maʼlumotlar, takliflar berildi. Taklif etilgan loyihalar boʼyicha Oʼrmon xoʼjaligi xodimlari hamda Institut olimlari oʼrtasida fikr almashildi.

  

Uchrashuv soʼnggida Institut xodimlari tomonidan taklif etilgan Oʼzbekiston Respublikasi oʼrmon fondi yaylov resurslarining elektron-raqamli va geoinformatsion bazasini yaratish (I etap: Qoʼngʼirot ov-oʼrmon xoʼjaligi yaylovlari), Jizzax viloyati oʼrmon xoʼjaliklaridagi fitopatogen zamburugʼlarni GАT xaritalari, maʼlumotlar bazasini yaratish va kasalliklar rivojlanishini erta bosqichlarda tashxislashning molekulyar-genetik usullarini ishlab chiqish hamda oʼrmon fondi yerlarida tojik kovragi (Ferula tadshikorum Pimenov) tabiiy zahiralarining raqamli xaritasini yaratish loyihalari Oʼrmon xoʼjaligi davlat qoʼmitasi rahbariyati tomonidan yana bir bor oʼrganib chiqilib, chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqish boʼyicha kelishib olindi.