“Oʼzbekiston Respublikasi aholisi va hududining seysmik xavfsizligini taʼminlash toʼgʼrisida”gi qonuni imzolandi. Qonun 5 bob, 26 moddadan iborat. Qonunda Vazirlar Mahkamasi, Favqulotda vaziyatlar vazirligi, Fanlar akademiyasi, Qurilish vazirligi hamda davlat hokimiyati organlarining seysmik xavfsizlikni taʼminlash sohasidagi vakolatlari belgilab berildi.
Unga koʼra:
- Vazirlar Mahkamasi masʼul davlat organlari faoliyatini muvofiqlashtiradi, seysmik xavf darajasini kamaytirish boʼyicha amalga oshirilayotgan tadbirlarni nazorat qiladi.
- Seysmik xavfsizlikni taʼminlash obyektlari ahamiyatiga koʼra 4 ta toifaga boʼlinmoqda:
* xavflilik omili past (I toifa, vaqtincha pavilyonlar, kioskalar, omborlar v.b.);
* oʼrta (II, yakka tartibdagi uy-joylar (3 qavatgacha), oromgohlar, umumiy ovqatlanish v.b.);
* yuqori (III, koʼpriklar, tonnellar, yoʼl oʼtkazgichlar, oʼrta va koʼp qavatli (3 va undan yuqori) uylar hamda mehmonxonalar, taʼlim muassasalari v.b.);
* oʼta yuqori (IV, suv omborlari toʼgʼonlari, GESlar, mudofaa obyektlari, radiaktiv moddalarni saqlash, tozalash va koʼmish obyektlari v.b.);
- Bino va inshootlarning seysmik mustahkamligi boʼyicha tekshiruv va monitoringni oʼtkazishning quyidagi tartibi oʼrnatilmoqda:
* II–IV toifa obyektlari har besh yilda seysmik mustahkamlik boʼyicha vizual tekshiruvdan oʼtkaziladi;
* III–IV toifa obyektlari har oʼn yilda seysmik mustahkamlik boʼyicha instrumental texnik tekshiruvdan oʼtkaziladi;
* suv omborlari toʼgʼonlari va gidroelektr stantsiyalarida instrumental texnik tekshiruvlar yiliga ikki marta oʼtkaziladi;
* har bir kuchli zilziladan soʼng (5,0 magnitudali) suv omborlari toʼgʼonlarida zudlik bilan instrumental texnik tekshiruvlar oʼtkaziladi.
- Kuchli zilzilalar natijasida zarar koʼrgan obyektlarni tiklash Davlat byudjeti, xalqaro moliya institutlari mablagʼlari va boshqa taqiqlanmagan manbalar hisobidan amalga oshirilishi belgilangan.
- Fuqarolarning seysmik xavfsizlikni taʼminlash sohasidagi huquqlari va majburiyatlari belgilangan.
Eslatib oʼtamiz, mazkur Qonun Oliy Majlis Senatining 31-iyul kungi XVII yalpi majlisida maʼqullangan edi.