Qoraxoniylar davriga tegishli yana bir arxeologik yodgorlik

OʼzR FА Milliy arxeologiya markazi, Ohangaron arxeologik ekspeditsiyasi 2020-yilda t.f.n. S.R. Ilyasova boshchiligida Shoabdumalik-ota (Shodmalik-ota) mozori yonidagi shahar xarobalarida arxeologik izlanishlarini davom ettirdi. Аrxeologik izlanishlar “Oltin meros” xalqaro xayriya jamgʼarmasi Toshkent boʼlimi tomonidan moliyalashtirildi.

Shoabdumalik-ota mozoridan janubi-sharqda joylashgan tepalik qismida 7x5 m oʼlchamida qazish ishlari olib borilib, tadqiqot natijasida qiziqarli maʼlumotlar qoʼlga kiritildi. Аrxeologik qazuv hududida yirik turar-joy inshootining bir qismi ochib oʼrganildi. Turar-joy inshooti paxsa va xom gʼishtdan qurilgan boʼlib, aftidan uy hammomi vazifasini bajargan. Qazib oʼrganilgan turar-joy xonalaridan birida (1-xona) pol va oʼrindiqlar pishgan gʼisht hamda ichki qismlari ganch bilan qoplanganlik holati bundan guvohlik beradi. Birinchi xonadan shimoli-gʼarbda yana bir nechta xona bor boʼlib, ushbu xonalarning qanday vazifani bajargani keyingi izlanishlar natijasida aniqlanadi.

 

Interer tuzilishi uchinchi xonaning ikki qismdan iborat boʼlganini koʼrsatmoqda. Ushbu xona yuvinish jarayonidan keyin dam olish uchun moʼljallangan boʼlib, devorga taqab pishiq gʼishtdan qurilgan supa shundan dalolat beradi. Supaga qarama-qarshi holda xom gʼishtdan gofralar bilan bezalgan ustun tiklangan. Bu hududda pol qismi yirik pishirilgan plitkalar bilan qoplangan, uning shimoli-sharqiy qismi yogʼoch eshik bilan ajratilgan va pol qismi mayda oʼlchamdagi pishgan gʼisht bilan qoplangan. Ushbu xonada uzoq vaqt davomida olov yonib turgan boʼlib, yongʼindan soʼng u koʼmib tashlashgan. Topilgan sopol buyum parchalari ushbu inshootning XI asrga tegishli ekanini koʼrsatmoqda.

Madaniy qatlamlarning keng hududga yoyilgani arxeologik va arxitektura qoldiqlari ushbu yodgorlik oʼrnida bir vaqtlar yozma manbalarda eslab oʼtilgan oʼrta asrlar Iloq shaharlaridan biri joylashgan, degan xulosa chiqarish imkonini beradi.