Qoraqalpog‘iston yaylovlarini baholash bo‘yicha unikal raqamli baza yaratildi

Qoraqalpog‘iston Respublikasi yaylovlaridan samarali foydalanish va ularni muhofaza qilish uchun yangi, unikal raqamli ma’lumotlar bazasi ishga tushirildi.

 

O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Botanika instituti Geobotanika laboratoriyasi olimlari tomonidan davlat dasturi doirasida yaratilgan ushbu unikal raqamli ma’lumotlar bazasi Qoraqalpog‘istonning 93% yaylov hududini qamrab oladi va 168 ta yaylov xilini 21 ta mezon asosida baholash imkonini beradi.

Yaylovlar va ularning xususiyatlari to‘g‘risida to‘liq ma’lumotlar qurg‘oqchil yerlarda chorva mollarining sog‘lom va samarali boqishini ta’minlashga xizmat qiladi. Bu baza yaylovlardan foydalanish samaradorligini oshirish va ekologik barqarorlikni saqlashga qaratilgan.

Qoraqalpog‘iston yaylovlarining yangi raqamli ma’lumotlar bazasi respublika yaylov ekotizimlarining iqtisodiy, ekologik va zootexnikaviy ahamiyatini zamonaviy baholash, ulardan foydalanish tizimini tubdan takomillashtirishda muhim qadam bo‘ladi.