Oʼzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Zoologiya instituti va Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qoʼmitasi xodimlari hamkorlikda Qoraqalpogʼiston Respublikasining Taxtakoʼpir, Karauzyak, Qanlikoʼl va Kegeyli tumanlarining belgilangan asosiy hududlarida “Qoraqalpogʼistonning kamyob va yoʼqolib ketish xavfi ostida turgan yovvoyi hayvon turlari kadastri” loyihasi doirasida ekspeditsiya tashkil qilindi.
Ekspeditsiya davrida Beltogʼ platosining chinkoldi tekisliklari, Karatereng va Dovutkoʼl koʼllari, Аkpetki va Jaltirbas koʼllar tizimi hamda Kuskantogʼda (Tasmankoʼl va Tuzli koʼllari) izlanishlar olib borildi. Ushbu hududlarning har biri oʼrganish, doimiy monitoring olib borish va muhofazaga muhtoj boʼlgan nodir zoologik komplekslar hisoblanadi.
Ekspiditsiya jarayonida Oʼzbekiston Respublikasi Qizil kitobiga kiritilgan qushlardan 18 tur – qizil gʼoz, kichik qoravoy, kichik oq qarqara, qoravoy, qoshiq burun, vishildoq oqqush, pushti va jingalakli saqoqqushlar, oqbosh oʼrdak, oqkoʼz, katta uzunburun baliqchi, katta veretennik, ilonxoʼr burgut, burgut, choʼl burguti, oq dumli suvburgut va dasht miqqiysi, sudralib yuruvchilardan – Oʼrta Osiyo choʼl toshbaqasi va qum boʼgʼma iloni, sutemizuvchilar orasida jayron va qora ignali tipratikanlarga doir maʼlumotlar olindi. Jami sudralib yuruvchilardan 10 tur, qushlardan 50 dan ortiq tur va sutemizuvchilardan 13 tur hisobga olindi.
Yuqorida keltirilgan umurtqali hayvonlardan tashqari mintaqa uchun qiziqarli boʼlgan Matrap toʼgarakboshi, kichik baliqchi, qizqush, xoʼja savdogar, toʼqay mushugi kabi turlar ham uchratildi.
Olingan maʼlumotlar Oʼzbekiston Respublikasi Qizil kitobining keyingi nashrlarini tayyorlaganda maʼlumotlarni yangilashda va Qoraqalpogʼiston kadastr baʼzasini toʼldirishda, shuningdek, yovvoyi tabiatdan turlarni olish uchun qaror qabul qilganda muhim rol oʼynaydi.
M.А.Gritsina va T.V.Аbduraupov,
FA Zoologiya instituti kichik ilmiy xodimlari