Qizilqum sahrosida Yevropa tadbirkorlari va O’zbekiston olimlari hamkorligi

Navoiy viloyatidagi Karakata koni “Aznek” maydonida konning ustki qatlam sirtini ochish ishlari olib borilmoqda. Buni nazorat qilish maqsadida maydonga Latviya Respublikasi "BAO" AJ kegashi raisi Yanis Vilgert hamda mazkur aksiyadorlik jamiyati bo‘linmasi bo‘lgan “BAO Resources SIA Ltd” kompaniyasining O‘zbekistondagi vakolatxonaning bosh direktori Ravshan Djamalov tashrif buyurdi. Latviyalik mehmonlarga O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Navoiy bo‘limi raisi Abdurazak Mirzayev boshchiligidagi bir guruh olimlar hamrohlik qildilar.

Tashrif davomida tomonlar Navoiy shahrida qo‘shma korxona tashkil etish imkoniyatlarini muhokama qildilar. Bunda FA Navoiy bo‘limi ilmiy-texnik va intellektual salohiyati bilan ishtirok etadi. Xususan, Bo‘lim olimlari fosforit rudalarini qayta ishlash va boyitishning innovasion texnologiyalarini ishlab chiqish bo‘yicha tezkor-tahliliy tadqiqotlar, ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borishga jalb qilinadi. Bo‘limda Navoiy davlat konchilik instituti bilan birgalikda ushbu yo‘nalishda ishlanmalar mavjud.
Yaqin oylarda Yevropadan kon ishi bo‘yicha yuqori malakali mutaxassislarning kelishi kutilmoqda. Ular bilan “Aznek” maydonining 1-sonli konini sanoat miqyosida o‘zlashtirish bo‘yicha yakuniy loyiha hujjatlarini birgalikda tayyorlash rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, Latviyadan kelgan mehmonlar Navoiy bo‘limining qishloq xo‘jaligi sohasidagi innovasion loyihalari bilan tanishdilar. Tomonlar lavanda va golland lolasi O‘zbekiston sharoitida yetishtirish tajriba maydonchasini tashkil etish uchun ushbu gullarni urug‘ini va piyozlarini Yevropadan olib kelish imkoniyatlarini muhokama qildilar.
Eslatib o’tamiz, O’zbekiston Fanlar akademiyasi Navoiy bo‘limi va Latviya Respublikasining “BAO” AJ o‘rtasida 2020-yilning mart oyida o‘zaro kelishuv memorandumi imzolangan. Xususan, ushbu hujjatda “BAO” AJning to‘g‘ridan-to‘g‘ri investisiyalarini kiritish yo‘li bilan hamkorlik loyihalarini amalga oshirish orqali foydali qazilmalarni, jumladan, donador fosforitlarni qazib olish va qayta ishlash, texnogen hamda maishiy chiqindilarini qayta ishlash, mineral o‘g‘itlar ishlab chiqarishga imkon yaratish kabi vazifalar ko‘zda tutilgan.