“O‘zbekiston 24” telekanali orqali efirga uzatilgan lavhada Qashqadaryo viloyatining mutasaddilari intervyu berib, unda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Astronomiya institutiga qarashli Maydanak astronomiya observatoriyasi haqida “ko‘p yillardan buyon faoliyat yuritmayotgan Maydanak observatoriyasi o‘rnida sihatgoh quriladi” deya bildirilgan fikrlarga O‘zbekiston Fanlar akademiyasi o‘zining quyidagi munosabatini bildiradi.
Maydanak balandtog‘ida ikkita obyekt joylashgan. Birinchisi – O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Astronomiya institutiga qarashli Maydanak astronomiya observatoriyasi – respublikamizdagi eng ilg‘or ilmiy texnik inshootlardan biri hisoblanadi. Maydanak observatoriyasi Fanlar akademiyasining faxri bo‘lib, bugungi kunda o‘zining noyob astroiqlimi bilan jahonning eng yetakchi beshta observatoriyalaridan biri hisoblanadi. Bu joyda olib borilayotgan tadqiqotlar asosida har yili dunyoning eng nufuzli va yuqori impakt faktorga ega bo‘lgan ilmiy nashrlarida 50 dan ortiq maqolalar chop etiladi, shuningdek bir nechta dissertasiyalar yoqlanadi. Astronomiya instituti va unga qarashli Maydanak observatoriyasi 30 dan ziyod xalqaro loyihalarda faol ishtirok etadi. Qisqa qilib aytganda, Maydanak observatoriyasi bugungi kunda o‘zining 80 yillik yubileyini nishonlayotgan O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasining eng faol noyob obyektlardan biridir.
Bu noyob obyekt Prezidentimizning doimiy nazoratida bo‘lib, Maydanak observatoriyasini rivojlantirish va uning infratuzilmasini yaxshilashga jiddiy e’tibor berib kelinmoqda. So‘nggi yillarda observatoriyaga olib boriladigan yo‘llarni ta’mirlash va optik tolali internet tarmog‘ini o‘tkazish ishlari shular jumlasidandir.
Ikkinchisi esa, yaqingacha O‘zbekiston respublikasi Mudofaa vazirligiga tegishli bo‘lgan «Maydanak» o‘lchash majmuasi (Izmeritelniy kompleks «Maydanak») bo‘lib, ushbu obyekt haqiqatdan ham so‘nggi yillarda faoliyat olib bormagan. Ushbu tepalik Maydanak Observatoriyasidan 4 km sharqda joylashgan. Hozirda aynan shu joyda turistik zona qurilishi mo‘ljallangan.
Mutasaddilardan bu ikki obyektni nomlaridan foydalanishda aniqlikka amal qilishlarini so‘raymiz!
O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Axborot xizmati