Joriy yil 21-iyul kuni Oʼzbekiston Milliy matbuot markazida Oʼzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi tomonidan “Yangi Oʼzbekistonning 2022–2026-yillarga moʼljallangan taraqqiyot strategiyasini “Inson qadrini ulugʼlash va faol mahalla yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturi”da belgilangan vazifalardan biri “Oʼzbekistonda yashil texnologiyalar” - Qayta tiklanuvchi va vodorod energetikasi texnologiyalarini joriy etish boʼyicha qilinayotgan ilmiy ishlarga bagʼishlangan matbuot anjumani oʼtkazildi.
Unda FА vitse-prezidenti S.Z.Mirzayev, Materialshunoslik instituti direktori O.R.Parpiyev, Fizika-texnika laboratoriya mudiri J.А.Аxatov ishtirok etdi.
Maʼlumki, “Yangi Oʼzbekistonning 2022–2026-yillarga moʼljallangan taraqqiyot strategiyasini “Inson qadrini ulugʼlash va faol mahalla yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturi”da 24-maqsad sifatida “Iqtisodiyotni elektr energiyasi bilan uzluksiz taʼminlash hamda “Yashil iqtisodiyot” texnologiyalarini barcha sohalarga faol joriy etish, iqtisodiyotning energiya samaradorligini 20 foizga oshirish” vazifasi qoʼyilgan va qator tashkilotlarga vazifalar belgilab berilgan. Jumladan, “Oʼzbekistonda yashil texnologiyalar” - Qayta tiklanuvchi va vodorod energetikasi texnologiyalarini joriy etish boʼyicha ilmiy tadqiqotlarni tashkil etish, yangi ishlanmalar asosida vodorod energiyasini olish texnologiyalarini yaratish muhim vazifalardan biri hisoblanadi.
Koʼzlangan maqsadga erishishning eng samarali yoʼllaridan biri, bu vodorod energetikasini rivojlantirishdir. Birinchidan, vodorod Yer yuzida eng keng tarqalgan element, ikkinchidan vodorod yonganda zararli gazlar ajrab chiqmaydi, uchinchidan vodorodni kislorod bilan reaktsiyasi natijasida koʼp miqdorda suv paydo boʼladi.
Xalqaro ekspertlarning fikricha 2050 yilga kelib dunyoda vodorod energetikasining ulushi 18%, 2100 yilga kelib 40%dan ortiqni tashkil etadi. Yevropa Ittifoqi mamlakatlari vodorod energetikasini rivojlantirish orqali karbonad angridi (SO2) chiqishini 95% gacha kamaytirishni maqsad qilib olishgan.
Matbuot anjumanida FА tizimida, xususan, Materialshunoslik hamda Fizika-texnika institutida mazkur yoʼnalishda olib borilayotgan ilmiy ishlar haqida maʼlumot berildi. Ommaviy axborot vositalari vakillari oʼzlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan javoblar olishdi.