Astronomiya instituti tashkil topganligining 150-yilligiga bagʻishlangan “Oʻzbekistonda astronomiya: oʻtmishi, buguni, kelajagi” mavzusidagi xalqaro konferensiya oʻz ishini boshladi.
Xalqaro konferensiyada xorijlik mehmonlar, jumladan Rossiya Fanlar akademiyasi va Xitoyning bir qator ilmiy-tadqiqot institutlari olimlari-mutaxassislari qatorida respublikadagi ilmiy tashkilotlar olimlari ishtirok etishmoqda.
Xalqaro konferensiya yalpi majlisidan soʻng “Fundamental astrofizik vazifalar” mazusidagi 1-seksiya oʻz ishini davom ettirdi. Unda Rossiyaning Amaliy fizika instituti, Kosmik tadqiqotlar instituti, Amaliy astronomiya instituti, Fizika instituti, Lazer va axborot texnologiyalari muammolari instituti, Quyosh-Yer fizikasi instituti olimlari, mahalliy olimlardan Astronomiya instituti, Ion-plazma va lazer instituti olimlari-mutaxassislari oʻz maʼruzalari bilan ishtirok etdilar.
Astronomiya instituti tashkil topganligining 150-yilligiga bagʻishlangan film yaratildi va konferensiya ishtirokchilariga namoyish etildi.
Joriy yil 19-dekabrida konferensiya ishtirokchilari “Suffa” xalqaro radioastronomik observatoriyasi tashrif buyurishdi.
20-dekabr kuni konferensiyaning “Ilmiy tadqiqotlar uchun Katta Quyosh sandonidan foydalanish” mavzuidagi 2-seksiyasi oʻz ishini FA Materialshunoslik institutida davom ettirdi. Unda ishtirokchilarga Katta Quyosh sandoni obyekti boʻyicha ekskursiya uyushtirildi.
Konferensiya uchinchi kuni - 2023-yil 21-dekabrda 3-seksiyasi “Suffa loyihasining texnik, konstruktorlik va tashkiliy masalalari” oʻz ishini davom ettiradi. Unda Pekinning “Ekzosayyoralarni qidirish muammolari” universiteti (Xitoy), Moskva Milliy universiteti, Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Astronomiya instituti, Ion-plazma va lazer instituti, RT-70 radioobservatoriya, Milliy universitet olimlari-mutaxassislari oʻz maʼruzalari bilan chiqishlari koʻzda tutilgan.