Maʼlumki, joriy yil 29-30-iyun kunlari Toshkent Botanika bogʼida ilk bor Oʼzbekiston yoshlari va talabalari forumi oʼtkazildi.
Mazkur forum doirasida tashkil etilgan Ilmiy munozaralar hududida “Olim bilan suhbat” dasturi boʼyicha Oʼzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Fizika-texnika instituti direktori, professor Xusniddin Olimov “Yuqori energiyalar fizikasi: yadrolardan olamgacha” mavzusida bilimga qiziqqon yoshlar – respublikamizning turli viloyatlaridan kelgan iqtidorli yuqori sinf oʼquvchilari va talabalarga maʼruza qildi.
Maʼruzada hozirgi material Olamning juda kichik hajmdagi oʼta zich energiyadan paydo boʼlishiga olib kelgan “Katta Portlash” jarayoni haqida, energiyaning materiyaga oʼtishi, proton, neytron, elektron, yadro, atom va molekulalarning vujudga kelishi hamda Olamda hayot boshlanishi haqida qiziqarli va tushunarli tilda bayon etildi. Shuningdek, Yerimizga tushuvchi Quyosh energiyasi undagi qanday jarayonlarda hosil boʼlishi, nimaga Quyosh tabiiy termoyadroviy reaktor deb ataladi, nimaga Quyosh energiyasiz Yerda hayot boʼlmasligi kabi savollarga javob berildi. Shveytsariyadagi eng yirik Katta adron kollayderida deyarli yorugʼlik tezligidagi yuqori energiyali ogʼir ionlar toʼqnashganda “Katta portlashdan” bir necha mikrosekund oʼtgach vujudga kelgan juda issiq va zich kvark-glyuon plazma holatidagi materiya hosil boʼlishi, paydo boʼlgan kvark-glyuon plazmaning temperaturasi Quyosh markazidagi temperaturadan deyarli yuz ming barobar yuqori boʼlishi va boshqa qiziqarli faktlar haqida aytib oʼtildi. Shuningdek, atom elektrostantsiyalarida, issiqlik va gidroelektrostantsiyalarga qaraganda, elektr energiyasini olish samaraliroq boʼlishi, jumladan atom elektrostantsiyasida bir gramm uran yoqilgʼisidan olingan elektr energiyasi 60 ming aholiga ega kichik bir shaharchani bir soat mobaynida yoritilishiga yetarli boʼlishi haqida tushuntirildi.
Mazkur tadbir Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 19-martdagi “Fizika sohasidagi taʼlim sifatini oshirish va ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish chora-tadbirlari toʼgʼrisida”gi PQ-5032-sonli qarorida iqtidorli yoshlarni fizika yoʼnalishidagi ilmiy tadqiqotlarga jalb qilishga oid belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida amalga oshirildi.