O‘zbekiston-Tojikiston hamkorligi tobora mustahkamlanib bormoqda

2020- yil 26-28-sentyabr kunlari O‘zbekiston Respublikasining fan, adabiyot va madaniyat vakillari Tojikiston Respublikasida bo‘lishdi. Mamlakatimiz delegasiyasida Fanlar akademiyasidan Navoiy bo‘limi raisi Abdurazak Mirzayev ham ishtirok etdi.

Tojikiston Respublikasi Milliy Fanlar akademiyasida A.Mirzayev olimlar bilan uchrashdi va ularga O’zR FA Navoiy bo‘limida olib borilayotgan ilmiy izlanishlar va innovasion ishlanmalar va loyihalari haqida ma'lumot berdi, ularning aksariyati tojik tomonining qiziqishini uyg‘otdi. Xususan, samarali muzokaralar natijasida O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Navoiy bo‘limi hamda Tojikiston Fanlar akademiyasining Geologiya, zilzilalarga chidamli qurilish va seysmologiya instituti o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzolandi. Ushbu institutning xronikasi 1941-yilda boshlangan va bugungi kunda u Yer haqidagi fanlar sohasida tan olingan ilmiy tadqiqot markazlaridan biri hisoblanadi.

Hujjatda tomonlar geologiya, qimmatbaho va rangli metallarni qazib olish va qayta ishlash, noma'dan va texnogen minerallarni qazib olish va qayta ishlash, qayta tiklanadigan energiya, energiya tejamkorlik va ekologiya, zilzilalarga chidamli qurilish va seysmologiya sohalarida innovasion texnologiyalarni ishlab chiqish va joriy qilishda hamkorlik qilishga tayyor ekanliklari ta'kidlangan. Tadqiqot va ishlab chiqarish, ilmiy-tadqiqot va o‘quv-uslubiy faoliyat sohasida samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘yish ham ko‘zda tutilgan.

Muhokamalarda tomonlar birgalikda fundamental, amaliy va innovasion xalqaro loyihalarni ishlab chiqish, ilmiy maqolalar va monografiyalar nashrga tayyorlash, ilmiy-texnik tadbirlarni tashkil etish, ilmiy kadrlar o‘rtasida tajriba almashish uchun sharoit yaratish to‘g‘risida kelishib oldilar. Ushbu maqsadlarga erishish uchun ikki mamlakat Fanlar akademiyalarining mavjud imkoniyatlaridan foydalanish kerak.

Ushbu safar umumiy tarix, madaniyat va urf-odatlar birlashtirgan qardosh xalqlarning do‘stligi va hamkorligini mustahkamlash hamda mintaqa uchun birgalikda hal qilinishi mumkin bo‘lgan va hal qilinishi kerak bo‘lgan umumiy muammolarni yechishiga qaratilgan yana bir qadamdir.