Oʻzbekiston-Rossiya: ilmiy hamkorlikni kengaytirish

2019-yil 15-yanvar kuni OʻzR FAda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 12-apreldagi “Oʻzbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi oʻrtasidagi ikki tomonlama strategik hamkorlik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada kengaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-2885-sonli qarori ijrosini taʼminlash hamda 2018-yilda Rossiya Fanlar akademiyasi prezidenti A.M.Sergeyevning Oʻzbekistonga tashrifi davomida ikki davlat Fanlar akademiyalari oʻrtasida ilmiy hamkorli aloqalarini yanada mustahkamlash va kengaytirish boʻyicha tuzilgan Kelishuvga asosan qishloq xoʻjaligi masalalariga bagʻishlangan seminar oʻtkazildi.

Seminarda Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi ilmiy-tadqiqot muassasalari xodimlari, yetakchi mutaxassis olimlar, agrar va qishloq xoʻjaligi sohasi va Fermerlar uyushmasi vakillari, Toshkent agrar universiteti professor-oʻqituvchilari va talabalari ishtirok etdi. Shuningdek, Doljenko Viktor Ivanovich (Rossiya Fanlar akademiyasi akademigi, oʻsimliklarni himoya qilish va ekotoksikologiya boʻyicha mutaxassis, pestitsidlarni biologik tartibga solish markazi rahbari), Zavalin Aleksey Anatolyevich (Rossiya Fanlar akademiyasi qishloq xoʻjaligi boʻyicha akademik-kotib oʻrinbosari, qishloq xoʻjaligi, melioratsiya, suv va oʻrmon xoʻjaligi boshqarmasi boshligʻi), Lebedeva Marina Pavlovna (qishloq xoʻjaligi fanlari doktori, professor, minerologiya va tuproq mikro-morfologiyasi laboratoriyasi ilmiy xodimi) ham qatnashishdi.

  

Seminar ishida oʻsimliklarni himoya qilish, qurgʻoqchilik, dehqonchilik, shoʻrlangan yerlarda ekinlarni yetishtirish samaradorligini oshirish, qishloq xoʻjaligi zararkunandalariga qarshi kurashish, shuningdek, tuproqning tabiiy unumdorligini tiklash va yaxshilash masalalariga bagʻishlangan maʼruzalar tinglandi.

Ushbu seminar oʻzaro tajriba va fikr almashish imkonini beradi hamda ikki davlat qishloq xoʻjaligi sohasida yanada samarali hamkorlik uchun zamin yaratadi.