Hozirgi kunda Milliy armiyamiz jamiyatimizning ajralmas qismiga aylangan, desak mubolagʻa boʻlmaydi. Zero, Milliy armiya kelajagimiz boʻlgan oʻsib kelayotgan yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularning qalbida mamlakatimiz farovonligini mustahkamlash va saqlash kabi fazilatlarni oshirishga xizmat qilmoqda.
Shu munosabat bilan, 2018-yil 20-dekabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasida boʻlib oʻtayotgan “Fan va taʼlimni rivojlantirishda yoshlarning oʻrni” mavzusidagi Respublika yosh olimlar konferensiyasida Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli kuchlarining Toifalangan obyektlarni qo`riqlash qo`shinlari qo`mondonligi harbiy orkestri oʻzining “Vatan – muqaddas, uni himoya qilish sharafli burchdir” shiori ostiga bayramona dasturi bilan ishtirok etdi. Bu esa konferensiya ishtirokchilarining, yosh olimlarning ilm-fanga boʻlgan ishtiyoqi, vatanga, xalqimizga mehr-muhabbatini, istiqlol g’oyalariga sadoqat tuyg’ularini yanada oshirib, ularga kuch-quvvat, gʻayrat hamda koʻtarinki kayfiyat bagʻishladi. Ushbu musiqali dastur harbiy musiqa olamidagi jozibali kuy-qoʻshiqlardan bahra olish imkoniyatini berdi.