“Oʻzbekiston madaniy merosi jahon toʻplamlarida” nomli koʻrgazma ochildi

Joriy yilning 10-dekabrida Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Temuriylar tarixi davlat muzeyida “Oʻzbekiston madaniy merosi jahon toʻplamlarida” nomli koʻrgazma ochilishiga bagʻishlangan tadbir boʻlib oʻtdi.

Unda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari A.Abduxakimov,Oʻzbekiston elektron ommaviy axborot vositalari Milliy assotsiatsiyasi Boshqaruvi raisi, “Oʻzbekiston madaniy merosi jahon toʻplamlarida” loyihasi rahbari Firdavs Abduxalikov, OʻzR FA Temuriylar tarixi davlat muzeyi direktori X.T.Fayziyev hamda Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti professori, t.f.d., akademik Dilorom Yusupova soʻzga chiqdilar.

  

Koʻrgazmada 13 jilddan iborat “Oʻzbekistonning meʼmoriy epigrafikasi” (Arxitekturnaya epigrafika Uzbekistana) hamda “Oʻzbekiston madaniy merosi jahon toʻplamlarida” (Kulturnoye naslediye Uzbekistana v sobraniyax mira) nomli 10 tomlik kitob-albomlarning namoyishi, shuningdek, Katta Langar Qurʼoni faksimile, “Temur tuzuklari”,Sulton Husayn Boyqaroning “Devoni Husayniy” qoʻlyozmasi hamda Sharafiddin Ali Yazdiyning “Zafarnoma” asariga ishlangan 31ta miniatyura faksimili namoyishga qoʻyildi.

  

Tadbir yakunida mehmonlarga muzey koʻrgazmalar zallari boʻylab sayohat tashkil qilindi.Ushbu koʻrgazmalar keng jamoatchilikka, ayniqsa mustaqillik, milliy istiqlol, Vatanga sadoqat ruhida tarbiya topayotgan yosh avlodga oʻzligini anglash, davlatimizning boy anʼanalarini, qadimiy qadriyatlarimizni, ota-bobolarimizning bebaho merosiga mehr bilan boqib, asrab-avaylash kabi xislatlarni yanada chuqurroq anglashda boy manba sifatida xizmat qilishiga ishonchimiz komildir.