“Oʼzbekiston Ikkinchi jahon urushi davrida” nomli kitob-albomi nashr etildi

Maʼlumki, mamlakatimizda Ikkinchi jahon urushi hamda front ortida jasorat koʼrsatgan ajdodlarimizga munosib eʼtibor va ehtirom koʼrsatib kelinadi. Ularning nomlarini abadiylashtirish, beqiyos jasorati va matonatini tarix sahifalariga muhrlash borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Ikkinchi jahon urushida fashizm ustidan qozonilgan gʼalabaning 75 yilligiga bagʼishlab “Gʼalaba bogʼi” memorial majmuasining barpo etilishi, u yerda “Shon-sharaf” davlat muzeyi, “Mangu jasorat” va “Matonat madhiyasi” monumentlarining, tarixiy-badiiy ekspozitsiyalarning qamrab olinishi buning yaqqol misolidir.

Mazkur yoʼnalishlardagi ezgu faoliyatlarning uzviy davomi sifatida “9-may – Xotira va qadrlash kuni” umumxalq bayrami arafasida xalqimizning Ikkinchi jahon urushida erishilgan gʼalabaga qoʼshgan munosib hissasini chuqur oʼrganish va targʼib etish, unga doir yangi hujjatlar bilan xalqimizni tanishtirish maqsadida Oʼzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi huzuridagi Oʼzbekistonning eng yangi tarixi masalalari boʼyicha muvofiqlashtiruvchi-metodik markazi “Oʼzbekiston Ikkinchi jahon urushi davrida” nomli kitob-albomi tayyorladi va “Oʼzbekiston” nashriyoti tomonidan nashr etildi.

Joriy yil 7-may kuni “Shon-sharaf” davlat muzeyida mazkur kitob-albom taqdimoti oʼtkazildi. Unda kitob-albom mualliflari, mutasaddi tashkilotlar vakillari, harbiylar, keng jamoatchilik hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

 

Kitob-albom Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning buyuk Gʼalabaning 75 yilligi hamda “Xotira va qadrlash kuni”ga bagʼishlangan tantanali marosimdagi nutqi, Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining Qarori “Gʼalaba bogʼi” yodgorlik majmuasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʼgʼrisida”gi qarori bilan boshlanib, “Gʼalaba bogʼi – Xotira va qadr maskani”, “Matonat madhiyasi” monumenti – ona Vatan ramzi”, “Mangu jasorat” monumenti”, “Shon-sharaf” davlat muzeyi”, “Gʼalaba bogʼi” yodgorlik majmuasidagi ilmiy-maʼrifiy va ommaviy-madaniy tadbirlar”, “Minnatdorlik tuygʼulari”, “Xalqaro eʼtirof”, “Xalqimizning jasorati va matonati haqida hikoya qiluvchi yangi asarlar”, “Ikkinchi jahon urushi va Oʼzbekiston: yangi tadqiqotlar va izlanishlar obyekti”, “Mangu jasorat namunalari”, “Yangi arxiv hujjatlari”, “Front gazetalari”, “Аskar xatlari”, “Mehr-saxovat va chin insoniylik namunasi”, “Unutmas sizlarni Vatan”, “Xalq jasoratiga ehtirom”, “Аjdodlar jasorati – tinchlik va taraqqiyotimizning mustahkam zamini” kabi boʼlimlardan tarkib topgan. Mazkur kitob-albom shu kungacha oʼrganilmagan yangi arxiv hujjatlari asosida oʼzbek (kirill, lotin), rus va ingliz tillarida nashr etildi.