Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 14-sentabrdagi 747-f-sonli farmoyishiga asosan, 16-22-sentabr kunlari Avstriyaning Vena shahrida oʻtkazilgan Xalqaro atom energetikasi agentligining 62-konferensiyasida Oʻzbekiston Respublikasi delegatsiyasi ishtirok etdi.
Konferensiyasining 62-sessiyasi plenar yigʻilishining dastlabki kunida Oʻzbekiston delegatsiyasi rahbari, Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi prezidenti B.S. Yuldashev maʼruza qildi.
OʻzR FA prezidenti oʻz nutqida Atom energiyasi bo`yicha Xalqaro agentlik (AEXA) faoliyati va atom energiyasi, shuningdek, yadroviy texnologiyalarni tinch maqsadlarda rivojlantirish boʻyicha oʻzaro manfaatli hamkorlikka qiziqish borligini taʼkidladi. Oʻzbekistonda AEXA bilan hamkorlik oʻrnatilganidan beri radiatsiya va yadroviy xavfsizlikni taʼminlash hamda mustahkamlash, texnik hamkorlik doirasida loyihalarni birgalikda bajarish borasida katta ishlar amalga oshirildi.
Oʻzbekiston delegatsiyasi Oʻzbekiston Respublikasining yadro energiyasidan tinch maqsadlarda foydalanish dasturini ishlab chiqish toʻgʻrisida qaror qabul qilganini va 2018 yil 7-sentabrda Oʻzbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi hukumati oʻrtasida Oʻzbekistondagi birinchi Rossiya texnologiyalari asosida atom stansiyasini qurish boʻyicha hamkorlik toʻgʻrisida bitim imzolanganini maʼlum qildi. Shuningdek, bu yig`ilishda AEXA va tashkilotning boshqa a'zolari ushbu yo'nalishda respublikamiz bilan o'zaro manfaatli hamkorlik aloqalarini qo'llab-quvvatlashi bildirilgan.