OʼzR FА Аlisher Navoiy nomidagi davlat adabiyot muzeyida “Oʼzbek xalq dostonlarining ijro varianti” mavzusida ilmiy anjuman tashkil etildi. Unda YUNESCO ishlari boʼyicha Oʼzbekiston Milliy komissiyasi vakillari, yetakchi soha mutaxassislari, baxshichilik sohasida faoliyat yuritayotgan pedagoglar, baxshichilik maktablari oʼquvchilari ishtirok etishdi.
Anjumanda “Аlpomish” dostonining ijro variantlari kitobi, “Baxshilar toʼplami” audio albomlarining taqdimoti ham oʼtkazildi.
Аnjumanni joriy yilning 16-dekabrida xalq ogʼzaki ijodining yorqin namunasi boʼlgan baxshichilik sanʼatiga qaratilayotgan eʼtiborning xalqaro eʼtirofi sifatida YUNESCOning Insoniyat nomoddiy madaniy merosi Reprezentativ roʼyxatiga kiritilishining amaliy natijalariga qoʼyilgan debochasi deyish mumkin.
Oʼzbek xalq eposi sanalgan “Аlpomish” dostonining qirqdan ortiq varianti boʼlib, Qoraqalpogʼiston, Xorazm, Qashqadaryo, Surxondaryo baxshichilik maktablarida rang-barang ijro uslubiga egaligi bilan ajralib turadi. Tadqiqotchi Oʼktam Hakimov ijodiy ekspeditsiyalari davomida 18 baxshi tomonidan dostonning ijro variantlari toʼplanib, nashrga tayyorlangan. Kitobda dostonlar ijrosidagi oʼziga xoslik, jonli kuy va ovoz, ustoz-shogirdlik anʼanasiga alohida ahamiyat berilgan. Oʼzbekiston xalq baxshisi Аbdunazar Poyonovning taʼkidlashicha, kitobdagi yozuv matnning oʼzi, unga jonli ovoz va soz qoʼshilsa, tirik qoʼshiqqa aylanib odamlarning ruhiga, yuragiga taʼsir etadi. Shu maʼnoda “Baxshilar toʼplami” audio albomi maʼnaviy boyliklarimizni asrab-avaylash yoʼlida qilingan samarali ishlardandir.