O‘zbek-ozar adabiy –ta’limiy aloqalari kuchaymoqda

  

 


2024-yilning 4 -mart kuni Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti rektori Shuhrat Sirojiddinov Ozarbayjon Respublikasi Milliy ilmlar akademiyasi prezidenti akademik Isa Habibeyli taklifiga binoan Nizomiy Ganjaviy nomidagi adabiyot institutining 90 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimda ishtirok etdi va o‘zbek adabiyotshunoslari nomidan institut jamoasini ushbu qutlug‘ sana bilan muborakbod etdi.

     Akademik Sh.Sirojiddinov 5-mart kuni  Ozarbayjon Respublikasi Milliy ilmlar akademiyasi Imomiddin Nasimiy nomidagi  Tilshunoslik intituti ilmiy jamoasi tomonidan nashrga tayyorlangan  Mahmud Qoshg‘ariyning “Devoni lug‘otit-turk” kitobi taqdimotida qatnashdi. Mazkur nashr 1937 yil o‘zbek ma’rifatparvar jadidchilaridan bo‘lgan  Xolid Saidxo‘jayev tomonidan ozarbayjon tiliga tarjima qilingan matn asosida tayyorlangan. Xolid Saidxo‘jayev 1918-yil jadidchilik harakatiga qarshi qatliom boshlanganda O‘zbekistondan Ozarbayjonga ko‘chgan, ammo bu yerda ham mustabid tuzum qatag‘oniga uchrab 1937-yil otuvga hukm etilgan edi. X.Saidxo‘jayevning ushbu tarjimasi qariyb 100 yil davomida noma’lum bo‘lib, institut tomonidan olib borilgan uzoq izlanishlardan so‘ng topildi. Sh.Sirojiddinov institut jamoasini  ushbu muvaffaqiyat bian o‘zbek ziyolilari nomidan tabriklab, mazkur nashr dunyo turkologiyasida yangi tadqiqotlarga turtki berishi shubhasizligini ta’kidladi.

  6-mart kuni Ozarbayjonning Ganja shahrida atoqli Ozarbayjon navoiyshunos, akademik, xizmat ko‘rsatgan fan arbobi, o‘zbek-ozar adabiy aloqalarni rivojlantirishga katta hissa qo‘shgan  yirik adabiyotshunos olim Hamid Arasli tavalludining 115 yilligiga bag‘ishlangan xalqaro konferensiyada akademik Sh.Sirojiddinov  boshchiligida tashrif buyurgan o‘zbek olimlarining ma’ruzalari  ishtirokchilarda katta qiziqish bilan tinglandi. O‘zbek adabiyotshunoslarining ma’ruzalarida Hamid Araslining o‘zbek– ozar adabiy aloqalarini rivojlantirishdagi buyuk xizmatlari alohida e’tirof etildi, olimning Alisher Navoiy, Nizomiy Ganjaviy, Fuzuliy  hayoti va ijodini o‘rganishga qo‘shgan ulushi, O‘zbekistonda Ozarbayjon adabiyoti tadqiqi bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar haqida batafsil ma’lumot berildi.

7-mart kuni Ozarbayjon Milliy ilmlar akademiyasining Ganja viloyati bo‘limida  O‘zbekiston delegatsiyasi ganjalik olimlar va ziyolilar bilan uchrashdi. Uchrashuvda  Ganja universiteti , Ozarbayjon milliy ilmlar  akademiyasining Ganja bo‘limi va  Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti bilan hamkorlik aloqalarini rivojlantirish bo‘yicha  fikr almashildi. Uchrashuv so‘ngida Ganja shahrida Alisher Navoiy nomidagi o‘zbek tili va madaniyati  markazini ochish bo‘yicha kelishuv imzolandi. 

    Joriy yilning 3-7 mart kunlari tadbirlar doirasida o‘zbek olimlari bir qancha universitetlar va ilmiy markazlarda bo‘lib,  ma’ruzalar o‘qishga muvaffaq bo‘ldilar.