O‘zbek olimining monografiyasi Iordaniyada nashr etildi

O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik instituti yetakchi ilmiy xodimi Komiljon Rahimov muallifligidagi tasavvuf tarixi bo‘yicha 470 betdan iborat “Movarounnahr tasavvufi ildizlari (tarixi):ta’limotning shakllanishi va tizimlashtirilishi (VIII – XI asrlar)” nomli darslik-monografiya Iordaniya poytaxti Amman shahrida nufuzli “Xutut va zilol” nashriyot-matbaa tomonidan chop etildi.

Qadimiy Movarounnahr tasavvuf vujudga kelgan va keng ildiz otgan o‘lkalardan hisoblanadi. Markaziy Osiyo tasavvufi tarixining XII asrgacha, yaʼni so‘fiylik tariqatlari paydo bo‘lguniga qadar kechgan davri tasavvuf rivojida muhim o‘rin tutib, uning keyingi taraqqiyoti uchun mustahkam zamin hozirladi. So‘fiy ajdodlarimiz oʼzlarining tasavvufga bag‘ishlangan fundamental asarlarida shu davrga qadar tarqoq holda ko‘zga tashlangan ushbu ta’limotni bir tizimga solishga erishishdi. IX asrda Hakim Termiziy tomonidan boshlab berilgan tasavvuf taʼlimotini tizimlashtirish X asr oxirlari – XI asr boshlarida Kalobodiy Buxoriy va Mustamliy Buxoriylar tomonidan nihoyasiga yetkazildi. Bu esa XII asrdan boshlab islom dunyosining turli o‘lkalari, jumladan, qadimiy Movarounnahrda vujudga kela boshlagan so‘fiylik tariqatlarining shakllanishi uchun nazariy asos bo‘lib xizmat qildi.

Kitobda Markaziy Osiyo tasavvufining so‘fiylik tariqatlarigacha bo‘lgan davri muhim xususiyatlari, asosiy g‘oyalari, yirik namoyandalari va Kalobodiy Buxoriy bitgan «Аt-Taʼarruf» va Mustamliy Buxoriy qalamiga mansub «Sharh at-Taʼarruf» asarlarining so‘fiylik manbalari orasidagi o‘rni, «Sharh at-Taʼarruf» asarining tasavvufga oid muhim asar sifatidagi ahamiyati hamda uning o‘zidan keyingi tasavvuf manbalariga taʼsiri tadqiq etilgan.

Muhim jihati shundaki, Iordaniyadagi Ahli Bayt universiteti bilan hamkorlikda tayyorlangan mazkur qo‘llanmadan darslik sifatidan ham foydalaniladi.