“Oʼzbek davlatchiligi tarixida Qadimgi Xorazm” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya oʼtkazildi

Yurtimizda qadimdan rivojlangan davlatchilik anʼanalarini, mintaqada kechgan tarixiy jarayonlarning mohiyati va oʼziga xosliklari, madaniy, maʼnaviy merosimizning jahon sivilizatsiyasida tutgan oʼrni va ahamiyatini keng jamoatchilikka yetkazish, ilmiy-tadqiqot natijalarini mutaxassis olimlar bilan muhokama qilish maqsadida Oʼzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Xorazm viloyati hokimligi bilan hamkorlikda Xorazm Maʼmun akademiyasida “Oʼzbek davlatchiligi tarixida Qadimgi Xorazm” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya oʼtkazildi. 

  

 

Konferensiyada Oʼzbekiston va Qoraqalpog'istonning yetakchi ijtimoiy fan vakillari bilan bir qatorda АQSh, Turkiya, Rossiya, Tojikistondan ham mutaxassislar ishtirok etdilar.
Konferensiyada olimlar tomonidan mintaqamiz qadimdan maʼnaviyat va maʼrifat oʼchogʼi boʼlganligi, Xorazm davlatchiligi tarixiga oid arxeologik materiallarni yangicha yondashuvlar asosida tadqiq etish, mintaqa tarixinni oʼrganishda zamonaviy metodologiyalarni qoʼllash, tarixiy yozma manbalarda Xorazm vohasiga doir maʼlumotlarni tahlil etish, mintaqadagi tarixiy jarayonlarni aniq ilmiy dalillar bilan asoslantirish kabi masalalar muhokama qilindi. 

Konferensiya shoʼbalari quyidagi ilmiy masalalar yechimiga yoʼnaltirildi:
Oʼzbekiston tarixining qadimgi va antik davrida quyi Аmudaryo hududlari;
Oʼzbekiston tarixida davlatchilikni shakllanishida quyi Аmudaryo hududlarining oʼrni;
Oʼrta asrlarda Xorazm 
Xorazm Maʼmun akademiyasining dunyo tamaddunidagi oʼrni;
Xiva xonligining davlatchilik institutlari va ijtimoiy-siyosiy hayot.

Xorazm vohasi Gʼarb va Sharqni tutashtiruvchi yirik xalqaro savdo yoʼllari oʼtgan hudud boʼlgani bois tarixning barcha davrlarida ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy-maʼnaviy taraqqiyotda muhim rol oʼynagan.
Xorazm dunyo sivilizatsiyasi va madaniyatiga bebaho hissa qoʼshgan Sharq gavharidir. Bugungi kunda biz Yangi Oʼzbekistonni barpo etish maqsadida oʼzgarish va yangilanishlar yoʼlini qatʼiyat bilan davom ettirmoqda ekanmiz, qadimiy tarixga, sivilizatsiyaga, madaniyatga ega boʼlgan zaminimiz oʼtmishini ilmiy oʼrganish va jahonga namoyish etish Oʼzbekistonning xalqaro maydondagi ijobiy imijini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.