OʼzR FА Astronomiya instituti laboratoriya mudiri, fizika-matematika fanlari doktori, professor, Butunjahon fanlar akademiyasining akademigi (The World Academy of Sciences, TWAS) Bobomurat Ahmedov Islom dunyosi fanlar akademiyasining (Islamic World Academy of Sciences, IAS) aʼzosi etib saylandi.
Iordaniyaning Ummon shahrida joylashgan IAS akademiyasi 1986-yilda Islom dunyosi mamlakatlarining barqaror ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi uchun fan va texnologiyalarni targʼib qilish maqsadida tashkil etilgan. IAS akademiyasi, shuningdek, Islom Hamkorlik Tashkilotining (IHT) Ilmiy-texnikaviy hamkorlik boʼyicha doimiy qoʼmitasi (COMSTECH) hisoblanadi. Uning aʼzosi boʼlish olimning dunyo hamjamiyati tomonidan tan olinishini anglatadi.
2020-yilning 1-dekabr kuni Iordaniyaning Ummon shahrida Islom dunyosi fanlar akademiyasining Bosh assambleyasining 22-yalpi yigʼilishi boʼlib oʼtdi, unda yangi aʼzolar, shu qatorda oʼzbekistonlik olim – B.J. Axmedov ham saylandi.
Professor B.J. Axmedov OʼzR FА Astronomiya instituti Nazariy astrofizika laboratoriyasi mudiri sifatida faoliyat yuritib kelmoqda. U asosan umumiy nisbiylik nazariyasi, gravitatsiya nazariyasi, relyativistik astrofizika va kompakt gravitatsion obyektlar fizikasi sohasida ilmiy tadqiqotlar olib boradi. U maydon nazariyasi, gravitatsion oʼzaro taʼsir nazariyasi, relyativistik va yadro astrofizikasi sohasidagi ilmiy-tadqiqotlar va pedagogik tajribaga ega. U shu sohalarda 200 dan ortiq ilmiy nashrlarning muallifi hamda xalqaro Scopus va Google scholar maʼlumotlar bazasida Xirsh indeksi mos holda 27 va 32 ga teng boʼlgan mamlakatda ilmiy ishlariga eng koʼp havola qilingan mualliflardan biridir.
Axmedov B. J. Oʼzbekistonda 2017-yil uchun eng koʼp havola qilingan muallif sifatida mukofot bilan taqdirlandi («Highly Cited Author», Web of Science), 2018-yil uchun "Yil olimi - 2018" («Researcher of theYear», Scopus) mukofotlariga sazovor boʼldi. 2012 yilda"Mehnat Shuxrati" ordeni bilan taqdirlangan. U Dehli Markaziy Universitetining faxriy professori, Xalqaro nazariy fizika markazining (Italiya) relyativistik astrofizika va gravitatsiya fan yoʼnalishlari boʼyicha aʼzosi va mintaqaviy koordinatori, Hindistondagi Astronomiya va Astrofizika Universitetlararo Markazi va Tata fundamental tadqiqotlar institutining aʼzosi. Shu bilan bir qatorda Axmedov B.J. CNR, DAAD, TWAS, ICTP, Volkswagen, Erasmus+, KFUPM, PIFI, NATO kabi xalqaro grantlar rahbari, oʼttizdan ortiq xorijiy jurnalining taqrizchisi, Germaniyadagi Springer nashriyot uyining "Arabian Journal of Mathematics" ilmiy jurnali muharriri, Oʼzbekiston fizika jurnalining bosh muharriridir.
B.J. Axmedov Oʼzbekistonda relyativistik astrofizika boʼyicha yangi ilmiy maktab yaratgan. U yurtimizda va xorijiy ilmiy maskanlarda fan doktorlari va fan nomzodlari ilmiy darajalariga ega xalqaro miqyosda tan olingan va isteʼdodli yosh olimlarning ulkan jamoasini tarbiyalagan.