2021-yilning 23-dekabrida O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Navoiy bo‘limi tomonidan “O‘rta Osiyo geologiyasini o‘rganishning hozirgi holati va istiqbollari” nomli Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazildi.
Anjumanda O‘zbekiston, Tojikiston, Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Rossiya Federatsiyasi, Belorussiya, Latviya va Xitoy Xalq Respublikasiing 30dan ortiq turli ilmiy-tadqiqot institutlari, oliy o‘quv yurtlari, kompaniya, korxona va tashkilotlaridan 100ga yaqin yetuk geologlari va turdosh yo‘nalishlardagi taniqli olimlar, tadqiqotchilar, doktorantlar va talabalar ishtirok etdi. Unda bashoratlangan va tasdiqlangan zaxiralarga ega foydali qazilma konlarining joylashuvi yangilangan ma'lumotlar va xaritalari bilan besh jildli “O‘rta Osiyo geologiyasi” ilmiy risolasini tayyorlash asosiy muhokama mavzularidan biri bo‘ldi.
Fanlar akademiyasi Navoiy bo‘limi raisi Abdurazak Mirzayev o‘zining kirish so‘zida O‘zbekistonda so‘nggi yillarda geologiya sohasiga katta investisiyalar kiritilgani, eng ilg‘or texnologiyalar joriy etilganini ta'kidladi.
Konferensiya davomida geologiya, foydali qazilmalarni qazib olish va qayta ishlash sohalariga oid 20ga yaqin ma'ruzalar tinglandi va muhokama qilindi. Tadbir yakunida Rossiya Federatsiyasi va Markaziy Osiyo davlatlarining har birida risola uchun ma'lumot to‘playdigan ishchi guruhlar tuzish to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Konferesiya ishtirokchilari bu ishning dolzarbligini ta'kidladilar, chunki Markaziy Osiyo geologiyasiga oid umumlashtirilgan ma'lumotlar 30 yildan ortiq vaqt davomida yangilanmagan. O‘zbekistonlik ishchi guruh a'zolarining dastlabki ro‘yxatiga yettita ilmiy-tadqiqot instituti va korxonalaridan 20dan ortiq olimlar va tadqiqotchilar kiritildi.
Konferensiya materiallarini to‘plam ko‘rinishida chop etilishi ko‘zda tutilgan.
Shuni ham ta'kidlash joizki, Fanlar akademiyasi Navoiy bo‘limi ta'sisligida tashkil etilgan “Qizilqum Istiqbollari" MChJga yaqinda “Vaush” dolomitlar va qo‘shimcha bentonitli gillar va kvars qumlar uchastkasini geologik jihatdan o‘rganish maqsadida Noruda foydali qazilmalarni o‘z ichiga olgan yer qa'ri uchastkasidan foydalanish huquqi uchun lisenziya berildi. Faol dala ishlari 2022-yilning birinchi choragida boshlanishi rejalashtirilgan.