Orol dengizining qurigan tubida ekosistemalarni qayta tiklash yoʼllarini ishlab chiqishga qaratilgan tadiqotlar davom ettirilmoqda

Oʼzbekiston Respublikasining choʼllanishga qarshi kurashish Milliy dasturining (1999) “Choʼllanishni kartografik tahlil qilish va baholash uchun matematik modellashtirish, bundan tashqari, sunʼiy yoʼldosh maʼlumotlari yordamida choʼl hududlaridagi yaylov oʼsimliklar qoplami holatining kuzatuv tizimi asosidagi tadqiqot metodlarini ishlab chiqish” vazifalariga binoan O’zbekiston Fanlar akademiyasi Botanika instituti hamda Moʼynoq davlat oʼrmon xoʼjaligi oʼrtasida Orol dengizi qurigan tubining oʼsimliklar holatini baholash, yaylovlarini inventarizatsiyalash va natijada Moʼynoq davlat oʼrmon xoʼjaligi yaylovlarining elektron-raqamli xaritalarini tuzish boʼyicha olib borilayotgan hamkorlikdagi tadqiqotlari doirasida Orol dengizi qurigan tubining 810 000 gektar maydonidagi yaylovlarining, jumladan, tabiiy oʼsimliklar qoplamidan iborat boʼlgan yashil qoplamalarning holati oʼrganildi.

 

Tadqiqotlar natijalari asosida, Orol dengizi qurigan tubining jami 2 274 976 gektar hududi raqamlashtirildi va kartografik birliklarga ajratildi. Yaylov hududi 34 ta kartografik birliklardan iborat boʼlib, tarkibida oʼsimlik qoplamiga ega boʼlmagan maydonlar hamda galofil, psammofil, gipsofil, toʼqay yaylov sinflariga mansub boʼlgan yaylov tiplarini oʼz ichiga olishi aniqlandi.

 

 

Tadqiqotlar davomida Oʼzbekiston Respublikasi Oʼrmon qoʼmitasi qoshidagi “Oʼrmonloyiha” davlat unitar korxonasi xodimlari bilan birgalikda dengizning qurigan tubidagi Аxantay rayoni va unga janubiy va janubi-sharqiy tomondan chegaradosh hududlar ham batafsil monitoring qilindi.

Tadqiqotlar davomida dengizning qurigan tubida oʼrmon melioratsiyasi tadbirlarini amalga oshirish mumkin boʼlgan hududlar aniqlandi hamda dengizning qurigan tubining tabiiy oʼsimliklar bilan qoplanish jarayoni bosqichlari ilmiy asoslab berildi.