Bugun nodir tabiat hodisasi kuzatiladi. Bu galgi toʼlinoy Oyning Yerga nisbatan juda yaqin boʼlgan paytida sodir boʼladi. Bu hodisaga havaskor astronomlar “Superoy” deb nom berishgan, chunki yaqinroq boʼlgani sabab Oy kattaroq koʼrinadi.
Gap shundaki, Oy Yer orasidagi oʼrtacha masofa 384 ming km ni tashkil qiladi. Oy Yer atrofida ellips boʼylab harakatlanadi va 1 yilda 12-13 marta Yerga yaqinlashib-uzoqlashadi. Eng qisqa masofa perigey deb nomlanadi va u 356 ming km ni, eng katta masofa esa apogey deyiladi va u 406 ming km ni tashkil qiladi. Har gal perigey paytida masofa har xil boʼlib, bu safargi yaqinlashish 13-iyul kuni Toshkent vaqti bilan 14:06 ga toʼgʼri keladi va u 357 264 kmni tashkil qiladi. Bu 2022-yildagi eng qisqa masofadir. Аytish lozim, bu paytda Oy bizning mintaqa uchun gorizontdan pastda boʼladi va u koʼrinmaydi.
Shundan 9 soatu 32 daqiqa oʼtgandan keyin esa Oy toʼlinoy fazasiga kiradi - uning 100 foiz sirti Quyosh nuri bilan yoritiladi. Masofa nisbatan qisqa boʼlgani uchun Oyning gardishi boshqa toʼlinoylarga nisbatan katta roq boʼladi.
Bugun Oy kechki payt 20:07 da chiqadi va ertalab 3:51 gacha osmonda boʼladi. Tabiiyki, oʼzining eng toʼliq fazasi - 23:38 da osmonda ancha balandda boʼladi va uni bemalol kuzatish mumkin.