Gʼiyosiddin Xondamirning «Makorim ul-axloq» («Olijanob xulqlar») asari buyuk oʼzbek shoiri va mutafakkiri, davlat va jamoat arbobi Аlisher Navoiyning hayoti hamda adabiy, ilmiy va ijtimoiy-siyosiy faoliyati toʼgʼrisidagi qimmatli manba hisoblanadi. «Makorim ul-axloq» asarining ilmiy-izohli toʼliq tarjimasi mustaqillik davrida asarning turli nusxalarini oʼzaro solishtirish asosida OʼzR FА Sharqshunoslik instituti tomonidan ilk bora amalga oshirildi.
Tarjimaning tadqiqot qismida Xondamirning hayoti va ijodi, asarning qoʼlyozma nusxalari va uning nashri toʼgʼrisida batafsil maʼlumotlar berilgan.
Xondamirning ushbu asari Аlisher Navoiyning sermahsul adabiy va ilmiy faoliyati bilan birgalikda, uning mamlakat siyosiy barqarorligi, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi hamda ilm-fan, madaniyat, adabiyot va sanʼatning taraqqiyotiga qoʼshgan ulkan hissasi toʼgʼrisida hikoya qiladi. Shuningdek, «Makorim ul-axloq» ulugʼ oʼzbek shoiri Аlisher Navoiyning goʼzal xulqlari va yuksak insoniy fazilatlari toʼgʼrisidagi maʼlumotlar bilan bezatilgan biografik asardir. Unda shoirning tugʼilishidan vafotiga qadar boʼlgan sermazmun hayoti goʼzal uslubda bayon etilgan.
Qisqacha qilib aytganda, «Makorim ul-axloq» buyuk shoir va olim Navoiyning yirik davlat va jamoat arbobi hamda ilm-fan va madaniyat homiysi sifatidagi shaxsiyatini bor boʼyi bilan koʼrsatib beradigan muhim manbadir. Xondamir oʼzining debocha, muqaddima, oʼn maqsad (bob), xotima hamda Navoiyning qanday vafot etganligi toʼgʼrisidagi bobdan iborat boʼlgan ushbu asarida asosiy diqqat-eʼtiborni uning donishmandligi va yuksak zakovati, olimlik, shoirlik va yozuvchilik borasidagi isteʼdodlari hamda rahmdillik, saxiylik va xokisorlik kabi goʼzal xulqlari va olijanob xislatlariga qaratish bilan birgalikda, ushbu buyuk shaxs hayotida uning bolalik chogʼlaridan tortib umrining oxirigacha boʼlgan davrda yuz bergan muhim voqealarni ham imkoni boricha qamrab olishga harakat qilgan.