Moziy manzillarni izlab - Ichan qal'ada arxeologik tadqiqotlar

Yoshi ikki yarim – uch ming yilga borib taqaladigan qadimiy shahar Xiva, ayniqsa, uning bag'ridagi Ichan-qal'a bamisoli ochilmagan sirli sandiq. Har bir obidasi uzoq o'tmishdan hikoya qiluvchi muzey-shahar bag'rida hali qanchadan qancha sir-sinoatlar yashirin. Ularni izlab topish, moziyni chuqur-o'rganish, boy tariximiz sahifalarini yangi nodir daliliy ashyolar bilan to'ldirish va targ'ib qilish bugunning dolzarb vazifalardan biridir.
Shu maqsadda Xorazm Ma'mun akademiyasi olimlari “Ichan-qal'a” davlat muzey-qo'riqxonasi ilmiy xodimlari bilan hamkorlikda yana bir xayrli ishga qo'l urishdi. Me'moriy tarixiy majmua, qal'a ichidagi qal'a - Ko'hna arkdagi ochiq maydonda arxeologik qazishma ishlariga kirishildi.

Ushbu hududda o'tgan asrning 90-yillarida ilk arxeologik izlanishlar amalga oshirilgan, natijada XVIII-XIX asrga oid madaniy qatlam aniqlanib, topilgan nodir ashyolar muzey eksponati sifatida ekspozitsiyalarda namoyishga qo'yilgan edi.

  

Galdagi arxeologik qazishmalardan maqsad izlanishlarni yanada takomillashtirish, eng qadimgi madaniy qatlamlarni qidirib topish, ilmiy o'rganish va ulardan muzeylashtirish jarayonlarida keng foydalanishdan iborat.
 - Izlanishlarning dastlabki kunlaridanoq XVII-XVIII asrga oid sapol buyumlar, suvoqava tizimida ishlatilgan qadimiy ashyolar topildi, - deydi Xorazm Ma'mun akademiyasi katta ilmiy xodimi B.Sa'dullayev. – Hamkasblarmiz Sh.Raximov, Sh.Ismoilov, S.Sobirov va muzey-qo'riqxona mutaxassislari Otanazar Rahmonov, Lochinbek Matrasulov, va boshqalar hamkorligida qazishma ishlari davom ettirilmoqda. Bu joydan hali ko'pchilikni hayratga soluvchi va tariximizni chuqur o'rganishga xizmat qiluvchi nodir ashyolar topilishi shubhasiz.
Arxeologik qazishmalar olib boilayotgan maydonning o'zini kelgusida sayyohlar tomosha qiladigan oynavand ekspozitsiyasiga aylantirish ko'zda tutilgan.
Davom etayotgan ilmiy-ijodiy izlanishlar samarasi kelgusida muzey-qo'riqxona jozibadorligini oshirish, yangi ekspozitsiyalar, ko'rgazmalar tashkil etish, bir so'z bilan aytganda vohada turizm salohiyatini yanada yuksaltirishga xizmat qiladi.