O'zR Fanlar akademiyasi Mirzo Ulug‘bek nomidagi Astronomiya instituti olimlari - f.-m.f.n., Galaktika astronomiyasi labarotoriyasi mudiri Otabek Burhonov va PhD, katta ilmiy xodim Kamoliddin Ergashev NASA tomonidan "Group Achievement Award" mukofoti bilan taqdirlandi. Mukofot "Double Asteroid Redirection Test" (DART) xalqaro kosmik missiyasi doirasida amalga oshirilgan tarixiy ilmiy natija uchun berildi.
DART missiyasi – insoniyat tarixida birinchi marta asteroid orbitasini maqsadli ravishda o‘zgartirishga qaratilgan sayyoraviy himoya tajribasidir. Missiya 2022-yil 26-sentyabr kuni kichik asteroid tizimi – Didymos asteroidining yo‘ldoshi Dimorphosga kinetik zarba berish, ya’ni kosmik kema bilan to'qnashishi orqali amalga oshirildi. Zarba natijasida Dimorphosning Didymos atrofidagi orbital davri o‘zgardi. Eng muhim jihati shundaki, ushbu o‘zgarish Yer va kosmik teleskoplar yordamida aniq o‘lchandi. Bu insoniyat tarixida birinchi marta sun’iy ravishda asteroid orbitasini o‘zgartirish va uning natijasini eksperimental tarzda tasdiqlash bo‘ldi.
O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Astronomiya instituti olimlari DART missiyasining yerdan kuzatuvlar bo‘yicha ishchi guruhi tarkibida Maydanak observatoriyasi teleskoplari bilan faol ishtirok etdi. Jamoaning asosiy vazifasi – zarbadan oldingi va keyingi fotometrik kuzatuvlar asosida asteroid tizimining orbital davridagi o‘zgarishni aniqlash hamda aniqlik bilan hisoblashdan iborat edi. Aynan shu o‘lchov natijalari DART tajribasining muvaffaqiyatli amalga oshirilganini ilmiy jihatdan tasdiqladi. Ushbu yutuq uchun Astronomiya instituti olimlari NASA tomonidan "Group Achievement Award" mukofti bilan taqdirlandilar. Bu mukofot NASA kosmik agentligining yuqori e'tirof belgisi hisoblanadi.
Ushbu yuksak e’tirof — nafaqat olimlarimiz, balki mamlakatimiz ilm-fani uchun ham katta sharafdir.
Fanlar akademiyasi nomidan Otabek Burhonov va Kamoliddin Ergashevni ushbu nufuzli mukofot bilan samimiy tabriklaymiz va kelgusi ilmiy faoliyatlarida ulkan muvaffaqiyatlar tilaymiz!