Mineralogiya bo‘yicha yangi qo‘llanma

O‘zR FA Navoiy bo‘limi tomonidan “Umumiy mineralogiya” nomli yangi o‘quv qo‘llanma tayyorlandi va chop etildi. Kitob mualliflari - O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Navoiy bo‘limi raisi, geologiya-mineralogiya fanlari doktori A.U.Mirzayev va doktoranti Sh.F.Sharipov hamda Navoiy davlat konchilik instituti “Noyob va radioaktiv metall rudalarini qazish va qayta ishlash” kafedrasi assistenti B.X.Nurtayevlar.

Shuni ta'kidlash joizki, hozirgi kunga qadar mineralogiya sohasida yagona qo‘llanma bo‘lgan A.G.Betextinning “Mineralogiya kursi” 1969-yilda o‘zbek tiliga tarjima qilingan, ammo unda sohadagi keyingi 50 yillik yangi ma'lumotlar mavjud emas edi. Yuqoridagi vaziyatni bartaraf etish maqsadida mualliflar ushbu o‘quv qo‘llanmani tayyorlashga kirishdi.

O‘quv qo‘llanma oliy o‘quv yurtlarining geologiya, foydali qazilma konlar geologiyasi va razvedkasi, neft-gaz konlari, kimyo-texnologiya, kon metallurgiyasi va boshqa ixtisosliklar bo‘yicha kunduzgi bo‘limlarida ta'lim olayotgan talabalar uchun yordam sifatida yozilgan. Shu bilan birga, talabalar uchun minerallarning diagnostik belgilari hamda minerallarning fizik-kimyoviy xususiyatlari haqida so‘z yuritilgan. Bulardan tashqari, ushbu kursning nazariy qismida yer qobig‘idagi mineral hosil qiluvchi jarayonlar qisqacha ta'riflangan.