Markaziy Osiyodagi ilk Yadro reaktori ishga tushganiga 61 yil toʼldi

Bundan 61 yil avval 1959-yil 10-sentyabrda Oʼzbekiston Fanlar akademiyasi Yadro fizikasi institutida Markaziy Osiyoda birinchi VVR-SM rusumli Yadro reaktori ishga tushirildi.

 

Bu vaqt ichida Yadro reaktori yordamida yadro elementar zarrachalar fizikasi, radiatsiyaviy fizika va materialshunoslik, aktivatsiyaviy tahlil va radiokimyo sohalarida tadqiqotlar oʼtkazildi. Shu yadro reaktori asosida turli radionuklidlar va radiofarmatsevtik preparatlar ishlab chiqarilib respublikamizning shu turdagi mahsulotlarga boʼlgan talabini toʼla qodirish bilan bir qatorda dunyoning oʼndan ortiq davlatiga eksport qilinadi. 30 yildan ortiq vaqt mobaynida reaktorning yiliga 6 ming soatdan ortiq, butun faoliyati mobaynida 300 ming soatga yaqin ishlagani sababli Xalqaro atom energiyasi agentligi mutaxassislari tomonidan u dunyoda shu turdagi tadqiqot yadro reaktorlari ichida eng samarali faoliyat koʼrsatayotgan reaktor deb baholandi. Oʼzining 60 yildan ortiq faoliyat koʼrsatganiga qaramay, bizning reaktorimiz xalqimiz va fanimiz rivojiga xormay-tolmay xizmat qilib kelmoqda.