Markaziy Osiyoda yagona dori vositalari substansiyalarini ishlab chiqaruvchi markaz faoliyatiga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi

Joriy yil 25-aprel kuni Milliy matbuot markazida “Fanlar akademiyasi tizimida dori vositalarini ishlab chiqarish: O‘simlik moddalari substansiyalarini O‘zR FA O‘simlik moddalari kimyosi instituti  modernizatsiyalangan tajriba-ishlab chiqarish korxonasida  GMP talablari bo‘yicha ishlab chiqarishni tashkil etish” mavzusida matbuot anjumani o‘tkazildi. Unda Institut xodimlari, sohaga oid mutaxassislar, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

 

Ma’lumki, 2019-yil 18-martda “GMP talablari bo‘yicha dori vositalari substansiyalarni ishlab chiqarish texnologiyalarini sinash ilmiy-texnologik markazi” ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Ushbu markazning muhim vazifasi – O‘simlik moddalari kimyosi instituti hamda mamlakatimiz ilmiy markazlari va muassasalari olimlarini fundamental izlanishlari natijasida yaratilgan innovatsion ishlanmalarni tadbiq etish va keyinchalik farmasevtik korxonalarga import o‘rnini bosuvchi va eksportbop 40 ga yaqin dori vositalar va generik substansiyalarni ishlab chiqarish texnologiyalari topshiriladi.

Bundan tashkari, yana bir muhim vazifasi bu – dori vositalari substansiyalarini ishlab chiqarishning 3 ta texnologik liniyalarini tashkil etish. Bular o‘simlik xom-ashyosidan alkaloid, neytral tabiatga ega modifikatsiyalangan tabiiy birikmalarni ishlab chiqarish bo‘lib O‘zbekiston hududidagi «Nukus-farm», «Zomin-farm», «Kosonsoy-farm», «Sirdaryo-farm», «Boysun-farm», «Bustonlik-farm», «Parkent-farm» va boshqa hududlarda ishlab chiqarish korxonalarini tashkillash uchun texnik-iqtisodiy asoslarni tayyorlashda xizmat qiladi.

Yuqorida keltirilgan vazifalardan tashqari Markaz dori vositalar substansiyalarini ishlab chiqaradigan farmasevtik korxonalar xodimlarining malaka oshirishning hamda GMP sharoitlarida ishlay oladigan kadrlarni tayyorlashning yagona joyi bo‘ladi.

Kadrlar tayyorlash, yangi texnologiyalarni sinash, mahalliy farmasevtik korxonalarni dori vositalari substansiyalari bilan ta’minlashdan tashqari ishlab chiqarish quvvatini oshirilishi va halqaro talablarga javob berishi natijasida ishlab chiqarish quvvatini 5 barobarga, boshqa bozorlarga chiqishi natijasida eksport hajmini 2 barobarga (moliyaviy ko‘rsatkichda 5 mln AQSh dollari miqdorida) oshirishga imkon beradi.